«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Yoshlar bilan uchrashuvda quruq gaplar emas, amaliy natijalar ko‘zga tashlandi

Kimga ish kerak? Kimda qanday reja bor? O‘rtaga tashlangan bunday savollardan keyin yigit-qizlar tortinmay maqsadlarini bayon qilishga o‘tdi.
Shu zahoti o‘nlab yigit-qizlar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yer maydoni, faoliyatini rivojlantirish uchun imtiyozli kredit mablag‘i kerakligini aytdi.
Ularning rejalari mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, shu kunning o‘zida 5 nafariga yer maydoni, 47 nafariga imtiyozli kredit ajratildi.
Ishlab chiqarish korxonalarida ishlash niyatida yurgan yigit-qizlarga esa “Konteks”, “Dinar tekstil” va “Madaniyat tekstil” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalari faoliyati haqida ko‘rgazmali ma’lumot berildi. 56 nafar yigit-qiz o‘z xohishlariga qarab shu korxonada ish boshlaydigan bo‘ldi. Ular bilan shu kunning o‘zida mehnat shartnomalari imzolandi.
Birga ishlashni o‘zaro kelishib olgan 14 nafardan iborat yigitlar jamoasi qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilish niyatida ekanini ma’lum qildi. Ularga ham zarur ko‘mak ko‘rsatilib, “Bo‘stonobod yoshlar bunyodkori” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos solindi.
Uchrashuv joyining o‘zida o‘rtaga tashlangan tashabbuslar ko‘p bo‘ldi, muhimi ularni imkon qadar amalga oshirishga harakat qilinmoqda.
Odamlar turli majlislardan, quruq va’dalardan, nomigagina o‘tkazilayotgan uchrashuvlardan zerikkan va charchagan bir paytda amaliy natijalar haqida eshitish quvonarli, albatta.
Bundan buyon har ish Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, amaliy bo‘lishi, ya’ni natijador bo‘lishi shart.
Yuqorida biz tilga olgan xayrli ishlar Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida amalga oshirildi.
– Mazkur tumanda 39 mingga yaqin yoshlar bor, – deydi Andijon viloyati prokurori G‘ayrat Fozilov. – Shulardan 3 mingga yaqini ishsiz ekani aniqlandi. Yigit-qizlar bilan muloqot davomida mingdan ziyodi tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatini bildirdi. 1,2 ga yaqin yigit va qiz esa kasb-hunar egallashga ehtiyoji borligini ma’lum qildi. Ularning istaklarini inobatga olgan holda, ayrimlariga tadbirkorlik boshlashi, kredit olishiga ko‘maklashildi. Ishsiz yurgan yoshlarning yarmiga yaqiniga kasb-hunar o‘rgatish choralari ko‘riladigan bo‘ldi. Ular egallagan hunariga qarab ishga joylashtiriladi. Uch yuzdan ortiq yoshlar qishloq xo‘jaligi, yuzdan ziyodi qurilish, yuzga yaqini esa to‘qimachilik sanoati korxonalariga ishga yo‘naltirildi.
Ochiq muloqot davomida yoshlarning nafaqat bandligi, balki uy-joy ta’minoti, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, o‘qish-o‘rganish bo‘yicha qiziqishlari haqida ham fikrlashildi. Ularning talab-istaklari tinglanganda bu yo‘anlishda qilinishi zarur ishlar bisyorligi ayon bo‘ldi va bu masalalar ham mutasaddilarning ish rejasidan o‘rin oldi.
Uchrashuv davomida yoshlar ishtirokida futbol, tennis, kurash va shaxmat sport turlari bo‘yicha musobaqalar, harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari ham namoyish etildi.
Bunday e’tibordan yoshlarning ko‘ngli ko‘tarildi, ular qalbida harakat qilish, ishlash, oilasiga, jamiyatga foyda keltirishga bo‘lgan shijoat yuksaldi.

N.ABDURAIMOVA, O‘zA

Comments are closed.