«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Xalqimiz qalbidagi barhayot siymo

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovni haqiqatan ham buyuk tarixiy shaxs sifatida hamyurtlarimiz, balki qo‘shni davlat vakillari ham juda yaxshi bilishadi. Qat’iyati va jasorati, teran fikrlashiyu tashabbuskorligi natijasida respublikamiz mustaqillikka, ozodlikka erishdi. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi.
Xalqimizning tinchlik va omonlikda, ta’bir joiz bo‘lsa farovonlikda umr guzaronlik qilishida Islom Karimovning hissasi, xizmati beqiyosdir.
Davlatimizning birinchi rahbarining rahnamoligida biz, yoshlar katta sahnalarda, sport arenalarida o‘z so‘zimizni ayta oladigan darajada iste’dodimizni ko‘rsatib, muvaffaqiyatga erisha boshladik. Birinchi Prezidentimiz “Tasavvur qiling, bizning qishloq joylaridagi bolalarimiz, o‘sib kelayotgan avlodimiz o‘zlarini qanday his qiladilar? Ularning kayfiyatini, ularning ko‘zlari, ularning ertangi kunga ishonchini tasavvur qiling“, deb zamonaviy fikrlaydigan, ma’rifatli yoshlarni hamisha qo‘llab-quvvatlagan.
– Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xalqimizni nafaqat mustaqillikka olib chiqdi, balki uni mustahkamlash yo‘lida butun borlig‘ini baxshida qildi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Sho‘rchi tumani bo‘linmasi raisi O‘rol Cho‘tboev. – 1999-2005 yillar davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida Birinchi Prezidentimiz bilan yonma-yon turib ishladik. 1998 yil Sho‘rchi tumani Toshmat Berdiev nomidagi jamoa xo‘jaligining tashqi boshqaruv raisi bo‘ldim. 1999 yil Xalq demokratik partiyasidan Sho‘rchi saylov okrugidan deputatlikka nomzodim ko‘rsatildi. U paytlarda biz, deputatlar bizni saylagan xalq orasida mehnat qilardik. Har chorakda Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarning yakuni bo‘lardi. Shunda borib, Prezidentimizga deputat sifatida qilgan ishlarimiz xususida hisobot berardik. Islom Karimovni xalqparvar, dono, dovyurak rahbar va doimo har bir suhbatdoshini fikrini qadrlaydigan, unga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan maslahatdosh deb bilaman. Yoshlarni juda yaxshi ko‘rardilar. Ularni kelajagi uchun umrlarining oxirigacha jon kuydirganlarini yurtdoshlarimiz juda yaxshi bilishadi. U kishini nafaqat biz, balki necha asrlar davomida avlodlarimiz ham yuksak ehtirom bilan xotirasida saqlaydi.
Darhaqiqat, Birinchi Prezidentimiz bizga doim aziz farzandlarim, deb murojaat qilganlari qalbimizdan chuqur joy olgan. Bizning kelajagimiz yo‘lida doim kuyingan, barcha sharoitni muhayyo etgan Prezidentimiz boshlagan ishlarning munosib davomchilari bo‘lishga intilamiz.
– Faoliyati davomida hamisha xalqqa suyangan rahbar desam mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi Sho‘rchi tumanidagi 9-umumta’lim maktabi direktori Ulug‘bek Isaev. – Xalqiga suyangan, ularni dardi bilan yashagan hech bir inson xalq nazaridan qolmaydi. Sarbonboshimizdan Vatanni sevishni, ustozlarga hurmatni, yoshlarga e’tibor qaratishni eng muhimi jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishni o‘rgandik. Yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlarni ilgari surgan, o‘zining ibratomuz sa’y-harakati bilan yurtdoshlarimizni ishonchini, hurmatini qozongan siyosiy arbob, Islom Karimov hamisha qalbimizda yashaydi.
Albatta, Vatanimizni ozod va obod ko‘rishni istab, umrini shu ezgu maqsadga bag‘ishlab, kechayu kunduz tinimsiz mehnat qilgan Islom Karimov sa’y-harakati va tashabbusi bilan mustaqillikka erishdik.
Xalqimizning haqiqiy qahramon farzandi Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston Respublikasi asoschisi, og‘ir damlarda mamlakatda xavfsizlikni ta’minlab, uning taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor qo‘ygan shaxs sifatida yurtimiz tarixida alohida o‘rin tutadi. 1991-2016 yillar davomida Yurtimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik, xalqimiz farovonligini yuksaltirish bilan bog‘liq barcha ezgu ishlar Islom Karimov nomi bilan bog‘liq ekani ayni haqiqatdir.
Shaxs sifatida jamiyatda va xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan Buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligining asoschisi, tinchlikparvar va xalqparvar rahbar sifatida katta hurmat qozongan edi. Mardlik va olijanoblik fazilatlari bilan el-yurtga mehr va sadoqat timsoli bo‘lib qolgan Islom Karimov kelajak avlodlar xotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot rahnamosi, buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashaydi.
Nigina ShOEVA, jurnalist

O’zA

Comments are closed.