«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Navoiyda ilk xususiy maktab ochildi

Navoiy viloyatida davlat sherikligi asosida ilk xususiy maktab ish boshladi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi ilm maskanida 320 nafar o‘quvchi ta’lim olish imkoniyatiga ega.
Xususiy ta’lim maskanining ochilish marosimida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, joriy yilga Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deya nom berilishi zamirida ham yurtimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish, kelajak avlodning zamonaviy bilimlarni egallashi, zamon bilan hamnafas bo‘lishi kabi maqsadlar mujassam.
Darhaqiqat, joriy yilda viloyatda Buxoro viloyatining Xalqaro matematika faniga ixtisoslashtirilgan “Qorako‘l maktabi” bilan hamkorlikda 500 o‘rinli Navoiy-Qorako‘l maktab-internatiga asos solindi. Mazkur muassasada matematika, fizika, kimyo, biologiya va ingliz tili fanlari chuqurlashtirib o‘rgatiladi.
Xususiy maktabda joriy yilning 1 fevralidan 1-4 sinflarda o‘qish boshlanadi.
Shu kunning o‘zida Navoiy viloyatida o‘qituvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish maqsadida 49 nafar xalq ta’limi xodimi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda 29 nafari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi. 6 nafar o‘qituvchi Xalq ta’limi vazirligining “Xalq ta’limi fidoiysi” ko‘krak nishoniga munosib deb topildi.
Tantanali marosimlarda Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov ishtirok etdi.

Nuriddin RAHIMOV, Siroj ASLONOV (surat), O‘zA

Comments are closed.