«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Mulkdorlarning huquqlari buzilishi jarimaga sabab bo‘ladi

Xususiy mulk bozor iqtisodiyotining asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Bu huquqning belgilanmasligi va davlat kafolatlamasligi tadbirkorlarning mulkka egalik qilish va mablag‘larni kiritishlarida turli muammolarni yuzaga keltiradi.
Bu esa iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiyalar jalb etilishida salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli jahon tajribasida mulkka egalik qilish, uni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bilan bog‘liq jarayonlar qonunchilik bilan tartibga solingan.
Unga ko‘ra, qaysi hollarda mulkni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish mumkinligini belgilash, bunda mulkdor va davlat organlarining huquq va majburiyatlarini belgilash, mulk egalariga yetkazilgan hamda to‘lab berilishi zarur bo‘lgan zararning turlarini aniqlash shular sirasidandir.
Yurtimizda ham jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy himoyasini yanada takomillashtirish maqsadida ko‘plab qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan.
Biroq, so‘nggi yillarda jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqi buzilishi bilan bog‘liq holatlar tahlil qilinadigan bo‘lsa, mulkdorlarga yetkazilgan zararni to‘liq qoplamasdan, jumladan yer uchastkalari va kompensatsiya bermasdan buzish holatlari kuzatilmoqda.Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunday holatlarning oldini olish, mulkdorlarga yetkazilgan zararni to‘liq qoplashni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qaror asosida yer uchastkalari va ularning bir qismlarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha yangi tartib va taomillar belgilangan. Hokimliklarning olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarori adliya organlarining ijobiy xulosasi asosida qabul qilinishi, yerni olib qo‘yish munosabati bilan kompensatsiya berish to‘g‘risida tashabbuskor hamda mulkdor o‘rtasida tuziladigan kelishuv majburiy tarzda notarial tasdiqlanishi shular sirasidandir.
Ob’ektni buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror mulkdor bilan kelishuvda, nizo mavjud bo‘lgan hollarda esa sud qarorida belgilangan kompensatsiya to‘liq taqdim etilgandan so‘ng qabul qilinishi va belgilangan bo‘lib, yer uchastkalarini ajratib berish to‘g‘risida avval qabul qilingan qarorni bekor qilish yoki unga o‘zgartirish kiritish yo‘li bilan yer uchastkalarini olib qo‘yish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2411, 24111-moddalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzish yo‘li bilan ularga zarar yetkazish bo‘yicha javobgarlik oshirildi.
Endilikda olib qo‘yilayotgan yerdagi tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli binolar, inshootlar yoki dov-daraxtlar zararining o‘rnini mazkur mol-mulkning bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplamagan holda buzib tashlash mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bu kabi o‘zgarishlar jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari buzilishining oldini olish, tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z mulki daxlsizligiga bo‘lgan ishonchining ortishiga xizmat qiladi.
O.IMOMOV,Biznes-ombudsman devonining Farg‘ona viloyati inspektori

Manba: o’za.uz

Comments are closed.