«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Harbiy qismlar uchun 45 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi
Harbiy qismlar uchun 45 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi

Vatan himoyasi – muqaddas burchMamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida yuz berayotgan yangilanishlar Vatanimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlash, koʻp millatli xalqimiz osoyishtaligi, yurtimiz tinchligini asrashga xizmat qilmoqda.

Harbiy qism va harbiy muassasalarda zarur sharoitlarni yaratish, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun uy-joylar barpo etish, ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, sogʻligini muhofaza qilish, maʼnaviyatini boyitishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qumondoni Shavkat Mirziyoyevning bevosita gʻoyasi bilan hududlarda tashkil etilgan harbiy-maʼmuriy sektorlar bu boradagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar ham bunga yaqqol misoldir.

13.jpg

Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizning janubdagi vohasida harbiy qismlarni qurish-taʼmirlash, jihozlash hamda boshqa xarajatlar uchun viloyat mahalliy byudjetidan 45 milliard 16 million soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan. Bu mablagʻ evaziga Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlarning 10 ta, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy qismi inshootida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. DXX Chegara qoʻshinlarining bitta harbiy qismiga olib boruvchi yoʻl tubdan taʼmirlanayotir. Jumladan, Mudofaa vazirligining Kakaydi garnizonidagi harbiy shaharchada qad rostlayotgan 600 oʻrinli zamonaviy askarlar yotoqxonasi, Termiz tumanidagi harbiy qismda barcha qulayliklarga ega oshxona binosi ham mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan barpo etilmoqda.

Xalq bilan armiya birligi taʼminlangan mamlakatimizda harbiy-maʼmuriy sektor rahbarlari tez-tez harbiy qism va harbiy muassasalarda boʻlib, Vatan himoyachilari xolidan xabar olayotir.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yilning 17-18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Denov tumanidagi harbiy qismda Vatanimiz himoyachilari bilan uchrashib, ularning maʼnaviyatini yuksaltirish, jangovar shayligini mustahkamlash hamda hududga xos milliy qadriyatlar, shu jumladan baxshichilik sanʼatining ahamiyatini oʻrgatish, ot minish mahoratini oshirish boʻyicha tegishli topshiriqlar bergan edi.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida oʻtgan yili Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Toʻra Bobolov gʻoyasi asosida Janubiy operatsion yoʻnalish boshqaruvi guruhi harbiy xizmatchilari oʻrtasida viloyat rahbari sovrini uchun “Amir Temur oʻgʻlonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” tanlovi tashkil etildi. Noyabr-dekabr oylarida “Kitobxonlik va kitob mutolaasi”, “Ot minish mahorati”, “Baxshichilik va dostonchilik sanʼati” va “Tasviriy sanʼat” yoʻnalishlari boʻyicha boʻlib oʻtgan tanlovning harbiy qismlar bosqichida 768 nafar harbiy oʻz mahoratini namoyish etdi. Ular safidan saralab olingan eng zukko, bilimdon va isteʼdodli 64 nafar harbiy xizmatchi tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etdi. Gʻoliblar pul mukofoti, diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi. Voha qadriyatlariga xos oʻtkazilgan tanlovda birinchi oʻrinni olgan harbiy xizmatchilarning harbiy qismlariga tanlov yoʻnalishlariga qarab, doʻmbira, ot, kitoblar toʻplami va tasviriy sanʼat anjomlari tuhfa qilingani ham mard, jasur Vatan posbonlarining fahr-iftixor tuygʻusini yana yuksaltirdi.

15.jpg

– Bu tanlovning tashkil etilgani harbiylarimizda hududning milliy qadriyat va anʼanalariga qiziqishini yanada oshirdi, – deydi Janubiy operativ yoʻnalishi boshqaruv guruhi boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Z.Yusupov. – Chavondozlik sirlariga ishtiyoq kuchaydi. Boʻsh vaqtlarida doʻmbira chertish, doston va termalarni yodlash ajoyib anʼanaga aylandi. Buning uchun harbiy qismlarga taniqli baxshilar biriktirilib, dostonlar toʻplamlari bilan taʼminlandi. Harbiy qismlarga sotib olib berilayotgan otlar kishnay boshladi. Xayrabod garnizonida yangi otxona qurilishi boshlab yuborildi.

Viloyatdagi harbiy qismlarda mavjud shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash, tinchligimiz posbonlarining jismoniy tayyorgarligi va maʼnaviyatini oshirish barobarida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini kuchli ijtimoiy himoya qilish ham muhim vazifaga aylandi. Shu maqsadda oʻtgan yili harbiy xizmatchilar hamda viloyat ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari xodimlari uchun 572 xonadonga moʻljallangan 24 ta koʻp qavatli, 22 ta hovlili uy barpo etildi.

Mamlakatimizning janubdagi sarhadlarida Vatan himoyachilariga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor va ragʻbat ularning Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi singari jahonda tengsiz sarkardalarimiz avlodi ekanini doim chuqur his qilib, shunga munosib xizmat qilishga, yoshlarni ham vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga undayotgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda.

8.jpg

Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA

Comments are closed.