«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Mudofaa vazirligi harbiy uchuvchilari murakkab parvozlarni amalga oshirdi

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Qashqadaryo viloyatida joylashgan harbiy qismda harbiy uchuvchilarning murakkab uchish amaliyoti bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Qashqadaryo viloyatida joylashgan harbiy qismda harbiy uchuvchilarning murakkab uchish amaliyoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Mi-8, Mi-24 kabi vertolyotlar hamda Mig-29, Su-25 kabi qiruvchi samolyotlarning havodagi manyovrlari — jangovar imkoniyatlarini namoyish etish maqsadida tashkil etilgan o‘quv mashg‘uloti O‘zbekiston oliy aviatsiya bilim yurti kursantlari uchun chin ma’noda mahorat sabog‘i bo‘ldi.

Mamlakat harbiy aviatsiyasining yetuk uchuvchilari kursantlarga muvaffaqiyatli parvozni tashkillashtirish uchun qay muhim jihatlarni quntu sabot bilan o‘zlashtirishlari lozimligini uqtirdi.

Dastavval, vertolyotlarni bir varakayiga parvozga chog‘lash, uchuv apparatlarining parvoz oldi taktik-texnik xususiyatlari, uchoq bortida va qo‘mondonlik punkti bilan aloqani tashkillashtirish xavfsizlik qoidalari, qo‘yilgan jangovar vazifa bo‘yicha havodagi harakat tartibi belgilandi.

Aerodrom hududi bo‘ylab birin-ketin uchib-qo‘nayotgan zamonaviy uchuv apparatlari yaxlit ko‘rinish kasb etib, milliy armiyamiz mudofaa qudratining, xususan Harbiy havo kuchlarining nimalarga qodir ekanligini namoyon etadi.

Shundan so‘ng, qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarildi. Dushmanning jonli va texnik kuchiga havodan qaqshatqich zarba berish borasida qiruvchi samolyotlar hal qiluvchilardan biri sifatida xarakterlanadi. Individual mahorat va yuksak tayyorgarlik asosida harbiy uchuvchilar bu kabi mashg‘ulotlarda toblanmoqda.

gazeta.uz

Comments are closed.