«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga kirib qolgan 11 nafar fuqaro jinoiy javobgarlikdan ozod etildi

Joriy yilning 15 yanvar kuni Bosh prokuraturada bosh prokuror raisligida Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, yig‘ilishda prezidentning 19.09.2018 yildagi “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5542-sonli farmoni ijrosi yuzasidan taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan 12 nafar fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida taqdim etilgan murojaatlari ko‘rib chiqildi. 

Yig‘ilishda komissiya va ishchi guruh a’zolari, ya’ni Oliy sud raisi o‘rinbosari, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, Respublika mahallar kengashi raisi o‘rinbosari, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vazirining maslahatchisi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari, Musulmonlar idorasi, DXX, IIV va Bosh prokuraturaning tegishli boshqarma va tarmoq boshliqlari hamda mas’ul xodimlari qatnashdilar. 

Yig‘ilishda komissiya a’zolari bir ovozdan taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan 11 nafar fuqarolarni jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida xulosalar qabul qilindi, 1 nafar fuqaroning murojaatini qo‘shimcha o‘rganish uchun ishchi organga qaytarish haqida ovoz berildi. 

Komissiyaga joriy yilning 1 yanvar kuniga qadar jami 70 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 18 tasi Farmon talablariga mos kelmagan, 20 tasi komissiyada muhokama qilingan (10 tasi javobgarlikdan ozod etish va 4 tasini rad etish haqida xulosa qilingan, 6 tasi qo‘shimcha o‘rganishga qaytarilgan), 32 tasi qoldiqda qolgan.

Jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan 11 nafar fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish, ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish haqida topshiriqlar berildi. 

Yig‘ilishda komissiya va ishchi guruh a’zolarining kelgusi vazifalari belgilab olindi.

Manba: Kun.uz

Comments are closed.