«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Orolning qurigan hududida o‘rmon yaratilishi yo‘lida: Mo‘ynoqda saksovul ekilmoqda

Yoshlar Ittifoqi tashabbusi bilan bir guruh yoshlar Mo‘ynoq tumanidagi Orol dengizining qurigan hududida saksovul ekish aksiyasida qatnashdi.

Ilgari Qoraqalpog‘istonga bormagandim. O‘zbekiston fuqarosi sifatida aslida bundan uyalishim kerak. Lekin yo‘l tushmasa, ish bo‘lmasa shunchaki borish qiyin — masofa uzoq axir. Shuning uchun Yoshlar Ittifoqi tomonidan Mo‘ynoqqa birga borish taklifini ortiqcha o‘ylanmay qabul qildim.

O‘zbekistonning ko‘p joylarida bo‘lganman. Shuning uchun mendan qayerda mehmondo‘stlik yuqori deb ko‘p so‘rashadi. Bu savolga javob berish qiyinroq. Sababi hamma joyning urf-odatlari o‘ziga xos.

Qoraqalpog‘istonda ham mehmonni nihoyat darajada ardoqlashar ekan. Ular ko‘rsatayotgan e’tibor va tavozedan xijolat bo‘la boshlaysan hatto.

Nukus aeroportidan to‘g‘ri Mo‘ynoqqa qarab yurdik. Ikki yil oldin tuman markaziga kelganlarning aytishicha, bu yerda oshxona ham bo‘lmagan. Hozir Mo‘ynoq ancha chiroyli ko‘rinishga kelgan. Turli yemakxonalar, mehmonxonalar ochilibdi.

Tushlikdan so‘ng navbati bilan ikkita joyda Yoshlar Ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev bilan uchrashuv o‘tkazildi. Shundan keyin chet ovullarga qarab yo‘l oldik.

Tumandagi 11-maktab hovlisida bir guruh fuqarolar Sa’dullayevni kutib turardi. Ular bilan suhbat davomida aholini qiynayotgan muammolar tinglandi, hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu o‘rinda bir narsani aytib ketay. Alisher Sa’dullayev muammosini aytgan odamlarga o‘zining qo‘l telefon raqamini berdi. Masalangiz hal bo‘lmasa, qo‘ng‘iroq qilib ayting dedi. Alisherning ushbu harrakatini bugungi kun rahbarlarining aksariga kerak bo‘lgan jihat sifatida ko‘rdim.

Ertasi kuni biz Mo‘ynoq markazidan 60 km uzoqlikda bo‘lgan maskanga qarab yo‘l oldik. Biz yurgan yo‘llarda ilgari Orol dengizi suvlari bo‘lgan. Endi esa dengizdan esdalik sifatida chig‘anoqlar va tuzli cho‘l qoldi xolos.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan maskanda «Xalqaro press klub» seminari o‘tkazildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda uzatilgan dasturni ko‘pchilik ko‘rdi bizningcha.

Shundan so‘ng saksovul ekishga yo‘l oldik. Havo o‘ta sovuq. Bunaqasini ilgari ko‘rmaganman. Qisqa muddat ichida qariyb 300 kishi 3 gektarga yaqin joyga saksovul ekib chiqdi.

Saksovul ekish oldidan yerni qazuvchi moslamani ham navbati bilan ishlatib ko‘rdik. Yaxshi niyatlar bilan ko‘chatlarni ekdik.

Shuningdek maxsus samolyotda saksovul urug‘lari sepib chiqilmoqda. Bizga ma’lumot berishlaricha, to‘rtta samolyot aynan shu yumushga safarbar etilgan.

Orol dengizini qaytarish imkonsiz. Bu bizning qo‘limizdan kelmaydi. Ammo dengiz qurigan hududda o‘rmonzor tashkil qilish qo‘limizdan keladi. Shu yo‘lda harakat qilsak, ko‘zlagan maqsadimizga yetishamiz.

Temur A’zam, Gazeta.uz

Comments are closed.