«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari uchun zamonaviy uylar

Buxoro shahrining Turdi Farog‘iy ko‘chasida har biri 30 xonadondan iborat 3 ta besh qavatli uy foydalanishga topshirildi. Bu 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari uchun ajoyib bayram sovg‘asi bo‘ldi.


Quvonchli voqea munosabati bilan bu yerda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda viloyat va Buxoro shahri hokimliklari mutasaddilari, davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi, viloyat harbiy -ma’muriy sektori rahbari O‘.Barnoev va boshqalar so‘zga chiqdi.
DXX xizmatchilari sharafli va mas’uliyatli vazifa – muqaddas yurtimiz sarhadlari daxlsizligi hamda xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida fidoyilik va jasorat namunalarini namoyish qilmoqda, deb ta’kidlandi marosimda. Ular davlatimizning mazkur sohaga qilayotgan e’tiborini, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan, yashash sharoitlarini yanada yaxshilash borasida g‘amxo‘rliklarini doimo his etayotir. Buxoro shahrida “Ipoteka bank”ning uzoq muddatli kreditlari asosida 90 oilaga mo‘ljallangan ikki, uch va to‘rt xonali turar joylarning qurilgani ham buning yaqqol amaliy ifodasi bo‘ldi. 
Mazkur ijtimoiy ob’ektlar qurilishiga 15 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Marosimda xonadon egalariga uy kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
– Albatta, juda xursandmiz, – deydi DXX xizmatchisi Temur Ortiqovning turmush o‘rtog‘i Laylo Allaberganova. – Qariyb 80 kvadrat metrga teng ikki xonali narxi arzonlashtirilgan uyimizda oshxona, bolalar xonasi va mehmonxonagacha zarur mebel, gaz komforkasi va boshqa inventarlar bilan jihozlangan. – Bunday g‘amxo‘rlik va qulaylik uchun davlatimizga, Prezidentimizga katta rahmat!

Erkin YODGOROV, O‘zA

Comments are closed.