«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

2020 yilda 11 ming 957 ta fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli faoliyatni boshlaydi

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan bir qatorda, qayta ishlash, tayyorlash, saqlash, sotish, qurilish ishlari va xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish vazifalari belgilangan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlarida tasdiqlanadi hamda hududiy dasturlar asosida ishlab chiqilgan respublika miqyosidagi dasturlar ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati muhokamasiga kiritilmoqda.

Senat tomonidan tasdiqlangan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturi asosida 2019 yilda tizimli ishlar amalga oshirildi.
2019 yilda 11 ming 939 ta fermer xo‘jaligida ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘yish belgilangan edi. Eng asosiysi, dasturning amalga oshirilishi tufayli qishloq joylarda 38 ming 100 nafardan ortiq kishining bandligi ta’minlandi.
Fermer xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan go‘sht-sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, sovutkichli omborxonalar va servis xizmatlari ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘p tarmoqli faoliyatdan yuqori daromad olayotgan, paxta va g‘alla yetishtirish uchun imtiyozli kredit olmaydigan 3 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi mavjud.
Misol uchun, Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Gulnor” fermer xo‘jaligi paxta-g‘allachilikdan tashqari aholiga 35 o‘rinli xususiy tibbiy xizmat klinikasini ishga tushirib, 12 nafar kishining bandligini ta’minlagan. Nishon tumanidagi “Musurmanov Samandar” fermer xo‘jaligi paxta-g‘alla va chorvachilikdan tashqari 2019 yilda 200 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etib, 15 ta yangi ish o‘rni yaratgan. Bundan tashqari, xo‘jalik yiliga 400 tonna go‘sht va sutni qayta ishlaydi hamda 50 sotix yerda 400-500 tup limon ko‘chati yetishtiradi.

Baliqchi tumanidagi “Baliqchi sara urug‘lari” paxta-g‘allachilik fermer xo‘jaligida 500 tonnalik muzlatkich omborxona, Romiton tumanidagi paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi “Yorqin zamin kelajagi” fermer xo‘jaligida 10 gektar issiqxona kompleksi, Norin tumanidagi “G‘ulomjon ota Fatx” fermer xo‘jaligida maktabgacha ta’lim muassasasi va sartaroshxona kompleksi, Sh.Rashidov tumanidagi “Qulbisar turon chorvalari” fermer xo‘jaligida 200 tonnalik sutni, Samarqand tumanidagi “Xurshid” fermer xo‘jaligida yiliga 250 tonnalik meva-sabzavotni qayta ishlaydigan sexlar barpo etildi. 
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari maqomini belgilash hamda ularga soliq imtiyozlari berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuni hamda Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 noyabrdagi “Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari reestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ularga binoan:
ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining maqomi belgilandi.

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi – qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va sotish, sanoat ishlab chiqarishi, ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish va faoliyatning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari bilan shug‘ullanuvchi hamda Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari reestriga kiritilgan fermer xo‘jaligi deb yuritiladi;

ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari uchun tegishli imtiyozlar joriy etildi, ya’ni Reestrga kiritilgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga nisbatan ular Reestrga kiritilgan kundan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa faoliyat turlari bo‘yicha yagona soliq to‘lovidan 5 yilga ozod qilindi. Ushbu qarorga asosan joriy yilning o‘zida 3 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi 5 yil muddatga yagona soliqdan ozod qilindi;

2018 yildan boshlab respublika bo‘yicha har bir fermer xo‘jaligi buxgalteriyasini yuritish tizimi yaratildi. Ya’ni, har 20 nafar fermer xo‘jaligiga 1 nafardan hisobchi biriktilib, maoshi davlat budjetidan moliyalashtiriladi. Ushbu buxgalterlar tomonidan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining ham hisobi yuritiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tuman hokimliklari tomonidan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda 2020 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqildi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarida muhokama qilinib, deputatlar tomonidan tasdiqlandi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2020 yil dasturi sohaga oid qonunlar, farmon va qarorlar talablaridan, shuningdek, Yurtboshimizning ko‘rsatmalaridan kelib chiqqan holda shakllantirildi. Ularni shakllantirishda quyidagilar e’tiborga olindi:

fermer xo‘jaliklarining moliyaviy holati inobatga olinib, tijorat banklaridan xulosalar olindi;

hududlarning mavjud shart-sharoitlari va talabidan kelib chiqqan holda loyihalar tanlandi;

tijorat banklari tomonidan har bir loyihaga kredit ajratilishi belgilandi.
Tanlab olingan loyihalar xalq deputatlari tuman va viloyatlar Kengashlarida birma-bir muhokama qilinib, tasdiqlandi.

Ayni paytda respublikamizda 80 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, 61 mingta fermer xo‘jaligida ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘yishga erishildi.

Hududiy dasturlarga ko‘ra, 2020 yilda respublikada 11 ming 957 ta fermer xo‘jaligi 22 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘p tarmoqli faoliyatni boshlaydi va 12,5 mingta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan 7 ming 500 gektar maydonda intensiv bog‘, 4 ming 600 gektar maydonda yangi tokzor va 489 gektarda issiqxonalar barpo etilishi, 271 ta meva-sabzavot, sut va go‘sht mahsulotlarini, 270 ta non va non mahsulotlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, 111 ta qurilish materiallari ishlab chiqarish, 204 ta fermer xo‘jaliklarida sovutkichli omborxonalar qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birgalikda, 303 ta fermer xo‘jaligida sovutkichli omborxonalar, 2 ming 100 ta fermer xo‘jaligida qoramolchilik va parrandachilik, 1 ming 900 ta fermer xo‘jaligida baliqchilik va asalarichilik, 1 ming 300 ta fermer xo‘jaligida qo‘ychilik, echkichilik va quyonchilik, 16 ta fermer xo‘jaligida yilqichilik va kurkachilik hamda 2 ming 900 ta fermer xo‘jaligida servis xizmatlari bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

Bu yilgi dasturga asosan 43 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 3 ming 500 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalari qurilishi rejalashtirilgani e’tiborga loyiqdir.

Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun jami 2 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu mablag‘larning 761 milliard so‘mi tijorat banklari kreditlaridir. Dasturning amalga oshirilishi natijasida qishloq joylarda 41 ming 100 nafarga yaqin kishining bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu yil ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari soni 72 ming 957 taga yetadi yoki jami fermer xo‘jaliklarining 91 foizi ko‘p tarmoqli fermer sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

2020 yil uchun ishlab chiqilgan 12 ming 478 ta loyihaning 2 ming 600 tasi (21 foizi) birinchi chorakda, 4 ming 500 tasi (36 foizi) ikkinchi chorakda, 4 mingtasi (32 foizi) uchinchi chorakda, 1 ming 400 tasi (11 foizi) to‘rtinchi chorakda amalga oshiriladi.

Vazifalar katta. Ammo mamlakatimiz fermerlarining bu vazifalarni bajarishga salohiyati yetarlidir.

Z.ALLAMURADOV,O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklariva tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i,

J.GALAEV,Kengash yetakchi mutaxassisi.

O‘zA

Comments are closed.