«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarni yetishtiruvchi klasterlar tashkil etiladi

O‘zbekiston Prezidentining “Tabiiy holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish va madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanishni integratsiyalash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligining 2020-yildan boshlab dorivor o‘simliklar yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlarini tashkil etish;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashni rivojlantirish ilmiy-innovatsion markazi hamda uning tarkibida zamonaviy xalqaro standart talablariga mos laboratoriyani tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat hokimlari:

  • dorivor o‘simliklar klasterlarini tashkil etishda iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritayotgan, zaruriy infratuzilma obyektlari, shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarga ega bo‘lgan salohiyatli yuridik shaxslarni tanlanishiga;
  • tashkil etilayotgan klasterlarga tuproq-iqlim sharoitlari, suv ta’minoti, ichki va tashqi bozorlardagi talablarini inobatga olgan holda dorivor va ziravor o‘simliklar joylashtirishga mos yer maydonlari ajratilishiga shaxsan javobgar ekanligi qayd etilgan.

Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda respublikada mavjud dorivor o‘simliklar genofondini saqlab qolish, noyob dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, ularni plantatsiyalarda ko‘paytirish, dorivor o‘simliklar tarkibini aniqlash va tayyor mahsulotlarni sertifikatlash ishlarini samarali tashkil etish;
  • tibbiyotda rasmiy qo‘llaniladigan dorivor o‘simliklar kolleksiya uchastkasi va genbankini tashkil etish;
  • dorivor va ziravor o‘simliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar va tavsiyanomalar ishlab chiqish;
  • dorivor va ziravor o‘simliklar va ular asosidagi biologik faol qo‘shimchalarni sertifikatlash hamda dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va boshqa subyektlarga pullik xizmatlar ko‘rsatish;
  • ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda laboratoriya sinovlarini amalga oshirish;
  • klinik oldi sinovlarni o‘tkazish uchun belgilangan tartibda vivariy tashkil etish;
  • ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini joriy etish;
  • dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi va qayta ishlovchi subyektlar, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari va konsalting xizmatlarini tashkil etish, shuningdek yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talabalarni ilmiy izlanishlarga jalb etish;
  • dorivor va ziravor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashga doir innovatsion ilmiy-ishlanmalarni amalga oshirish.

Markaz va uning tarkibidagi laboratoriya uchun Toshkent davlat agrar universiteti hududidan bino va yer maydoni ajratiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida qo‘shimcha 5 ta shtat birligidan iborat Dorivor va ziravor o‘simliklarni rivojlantirish boshqarmasi tashkil etiladi.

Belgilanishicha:

  • tabiiy holda o‘suvchi dorivor va ziravor o‘simliklarni to‘plash (g‘amlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar uchun, arizalarni ko‘rib chiqqanlik va ruxsatnoma berganlik uchun undiriladigan to‘lovlarning 25 foizi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga, 10 foizi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
  • Bunda mazkur mablag‘lar tabiiy holda o‘suvchi, shu jumladan, yo‘qolib borayotgan dorivor va ziravor o‘simliklarni saqlash, ularni xatlovdan o‘tkazish, dorivor va ziravor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashga doir innovatsion ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish, dorivor va ziravor o‘simliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar va tavsiyanomalar ishlab chiqish xarajatlarini qoplash, qonunda taqiqlanmagan boshqa maqsadlarga sarflanadi.
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi 2021—2022-o‘quv yilidan boshlab mamlakatning dorivor o‘simliklar florasi va uning ahamiyatini o‘rganish maqsadida dorivor o‘simliklarga oid mavzularni tegishli o‘quv darsliklariga kiritadi.
  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tabiiy holda o‘suvchi dorivor va ziravor o‘simliklarni saqlash va ko‘paytirish yuzasidan tizimli tadbirlarni amalga oshirish, degradatsiyaga uchrayotgan yerlardagi dorivor va ziravor o‘simliklarni saqlash va qayta tiklash, ajratilgan “maxsus hudud”larni muhofaza qilinishini ta’minlaydi.

Manba: daryo.uz

Comments are closed.