«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

“Qishda loy kechamiz, yozda esa chang yutib yashaymiz”. Qarshi tumanida yashovchi aholi mutasaddilar e’tiborsizligidan nolimoqda

Bu haqda “Daryo” tahririyatiga ma’lum qilgan Gulira’no Abdiyevaning aytishicha, yomg‘ir mavsumi boshlangach, ko‘chada hatto avtomobillar harakatlanishida ham muammolar yuzaga keladi.

— O‘tgan kuni ko‘chamizga kirgan Matiz loyga botib qoldi. Traktor chaqirib, zo‘rg‘a chiqarib olishgan, — deydi Gulira’no Abdiyeva. – Mashina botib qolgach, ahvolni tasavvur qilavering.

Ushbu ko‘chada yashovchi Dilbar Pirnayevaning aytishicha, farzandlari loygarchilik mavsumida maktabga borolmay qolgani bois ularni bobosining uyida qoldirgan.

— Loyning ahvolini qarang, katta odam zo‘rg‘a harakatlanadi. Maktab yoshidagi bolalar esa har doim loyga botib, yiqilib tushadi. Shu sababdan ham bolalarimni ota-onamning uyida qoldirdik. Va o‘sha yerdan maktabga qatnayapti. Ammo bu holat qachongacha davom etadi, – deydi Dilbar Pirnayeva.

Aholi vakillarining “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, ushbu ko‘chaga qish mavsumi paytida hatto tez yordam mashinasi ham kirolmaydi.

— Tez yordam mashinasini chaqirsak, uygacha bormay ko‘cha boshida to‘xtaydi, — deydi aholi vakillari. – Tez yordam ahvoli og‘ir bemor uchun chaqiriladi, odatda. Manzilga yetolmay, ko‘cha boshida qolgach uning kelgani, yordamga oshiqqani ahamiyatini yo‘qotadi-ku.

Ushbu ko‘chada yashovchi Shahzoda Pirnayeva ham bog‘cha yoshidagi farzandini har kuni ertalab bog‘chaga olib borish va olib qaytishda qiynalayotganidan shikoyat qilmoqda.

— Bolalarimizni bog‘chaga olib ketish uchun har kuni Damas avtomobili keladi, ammo ko‘cha boshida to‘xtab bolalarni o‘zimiz olib chiqishimizni aytadi. Chunki mashina ko‘chamizga kirsa, qaytib chiqolmaydi-da, — deydi Shahzoda Pirnayeva. – Bizga tekis asfalt emas, shag‘al to‘kib berishsa ham rozimiz. Ammo shunga ham loyiq ko‘rishmayapti.

Gulira’no Abdiyevaning ma’lumot berishicha, aholi vakillari ushbu muammo bilan tuman hokimligiga murojaat qilgan. Ammo natija chiqmagach, Prezident portaliga chiqishgan. Ushbu murojaatni o‘rganish uchun joriy yil 14-dekabr kuni mahallaga kelgan vakillar yo‘l ahvolini ko‘rib, tez orada yo‘lga shag‘al to‘kilib, tekislanishini aytishgan va qaytib kelmagan.

— Murojaatimiz bo‘yicha kelgan kishilar o‘zimiz pul yig‘ib to‘kkan bitumni “Greyder” bilan surib tashladi, — deydi aholi vakillari. — Sababini so‘rasak, tekislaymiz, shag‘al to‘kamiz deyishdi. Shu-shu ulardan darak yo‘q. Yo‘limizning ahvoli battar yomonlashdi.

Gulira’no Abdiyevaning ma’lumot berishicha, mutasaddilar Prezident portaliga qilingan murojaatni yopish uchun hali tekislanmagan va bajarilmagan ishni bajardik, deb ulardan shu haqdagi hujjatga imzo qo‘yishni so‘ragan.

— Mahalla kotibi Rustam Pardayev menga qo‘ng‘iroq qilib, “yo‘lni tekislab ketishibdi, shu haqda bizga yozib, qo‘l qo‘yib bering”, deydi. Hali qilinmagan ishni bajardik, deb ma’lumot berishmoqchi. Mana sizga mutasaddilarning Prezident ishonchiga bo‘lgan javobi. Endiyam bularga ishonish mumkinmi?

Shoyxo‘jaliklarning aytishicha, ularda elektr tokida ham muammo bor. Kuchlanish juda past.

— Ko‘chamizning yarmida birorta ham simyog‘och yo‘q, — deydi Dilbar Pirnayeva. – Elektr tokini tomma-tom o‘tkazib, tortib kelganmiz. Tokning kuchlanishi juda past.

— Yangi yil kuni barchamizning xonadonimizga mehmon keladi, — deydi Rushana Choriyeva. – Bunday holatda biznikiga qanday qilib mehmon kelishi mumkin? Biz ham boshqalardek, yaxshi ko‘chada yashashga haqlimiz. Shunday emasmi?

daryo.uz

Comments are closed.