«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Rossiya va Xitoy Belgiya va Germaniyaning Suriyaga yordam ko‘rsatish rezolyutsiyasi loyihasini blokladi

Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik kengashidagi “gumanitar uchlik” – Belgiya, Germaniya va Kuvaytning Suriyaga gumanitar yordam yetkazish bo‘yicha transchegaraviy amaliyotlarni bir yilga uzaytirish haqidagi rezolyutsiyasi loyihasiga taqiqlov qo‘ydi.

Loyihaga 13 davlat ovoz bergan, biroq taqiq qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan Rossiya va Xitoy unga qarshi chiqqan. Avvalroq Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya ushbu rezolyutsiya loyihasi Rossiya uchun nomaqbulligini, chunki u Suriyadagi real vaziyatni hisobga olmasligini aytgan.   

“Yildan yilga qabul qilinuvchi ushbu rezolyutsiya eskirdi va u ilk bor qabul qilingan vaqt — 2014 yildan beri Suriyada yuz bergan o‘zgarishlarni hisobga olmaydi”, deb aytgan Nebenzya.

Rossiya 16 dekabrda Suriya bo‘yicha o‘z rezolyutsiyasi loyihasini taklif qilgandi. Biroq ushbu rezolyutsiya rad etilgan. 

BMTda ma’lum qilinishicha, transchegaraviy yetkazmalar uchun ruxsat muddati yanvarda poyoniga yetadi va insonparvarlik tashkilotlari yuklarni xorijiy yordam bilan yetkazish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin. 

Avvalroq BMTning favqulodda yordam bo‘yicha koordinatori o‘rinbosari Ursula Myuller “gumanitar yuklarning transchegaraviy yetkazmalarisiz Suriyaning ko‘plab aholisini ochlik, kasalliklar va o‘lim kutayotganini” aytgan. Uning ta’kidlashicha, Suriyada 11 mln kishi yordamga muhtoj. 

“Men ixtilofning barcha tomonlari – davlat va qurollangan guruhlarni tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi obektlarining himoyasini hamda muhtojlarga gumanitar yukning to‘siqlarsiz yetkazilishini ta’minlashga chaqiraman”, deb aytgan Myuller. 

Manbaa: Kun.uz

Comments are closed.