«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekistonda tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi

16—18-dekabr kunlari “Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida tutingan ota-onalarning tayyorlov kurslarini tashkil etish” mavzusidagi uch kunlik trening bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Trening Xalq ta’limi vazirligi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi bilan hamkorlikda BMT (UNICEF) Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi texnik ko‘magida tashkil etildi.

Mazkur treningda jami 60 nafar Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalarining Ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, psixolog va pedagoglar hamda viloyat, tuman xalq ta’limi bo‘limlaridagi Vasiylik va homiylik organlari mutaxassislari qatnashdi.

Trening ishtirokchilari ushbu o‘quv-ta’limiy jarayonda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni patronat (oilaga tarbiya)ga olish hamda Oilaviy bolalar uyini ochish istagidagi fuqarolarni o‘qitishning nazariy va amaliy asoslari bilan tanishishdi. Kurslarni tashkil etishga oid masalalar muhokama qilindi.

Bo‘lg‘usi trenerlar uchun o‘tkazilgan trening Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi hamda O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining yetakchi ekspert mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Unda xalqaro va mahalliy tajriba, erishilgan yutuqlar inobatga olinib, trening ishtirokchilari uchun uslubiy va amaliy materiallar taqdim etildi.

“Endilikda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari 2020-yilning yanvar oyidan o‘z muassasalari qoshida nomzod patronat (oilaga tarbiya)ga oluvchi va Oilaviy bolalar uylarini tashkil etish niyatidagi fuqarolarni o‘z oilalariga bolalarni qabul qilish jarayoniga o‘qitish ishlariga mustaqil kirishishlari mumkin”, — deyiladi xabarda.

Manbaa: Daryo.uz

Comments are closed.