«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi xalqaro robotexnika musobaqasida birinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi

Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy amaliy markazi xodimlari boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 15—20-dekabr kunlari Tailandning Chiangmay shahrida bo‘lib o‘tgan The 21th International Robot Olympiad 2019 xalqaro robototexnika olimpiadasida ishtirok etdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmatining “Daryo”ga xabar berishicha, unda 20 dan ortiq davlatlardan kelgan mingdan ortiq ishtirokchi o‘z bilim va iqtidorlarini namoyish etdi. Musobaqa quyidagi yo‘nalishlarda bo‘lib o‘tdi:

Tag-Out — bu yo‘nalishda raqiblar o‘zlari yaratgan robotlarini belgilangan to‘siqlarga tegmagan holda harakatlantirib, bir-birlarini o‘yin maydonchasidan tezroq siqib chiqarishga harakat qiladi. Bunda qatnashchilardan strategik tahlil qila olish qobiliyati va o‘ta ehtiyotkorlik talab qilinadi.

Mission Challenge — sirli vazifa hisoblanib, uning shartlari faqat musobaqa boshlangan vaqtda e’lon qilinadi. Bunday holatda yoshlarning robototexnika bo‘yicha olgan bilimlarini kutilmagan vaziyatlarda qo‘llay olishlari sinovdan o‘tkazildi.

Tag-Outjunior yo‘nalishida 14 ta davlatdan ishtirokchilar qatnashib, ular orasidan o‘zbekistonlik Firdavs Rajabov 1-o‘rinni, Shahboz Shavkatov 2-o‘rinni egalladi.

Creativity yo‘nalishida qishloq xo‘jaligi sohasida foydalaniladigan robot yaratib, Behruz Berdiyev, Humoyun Haydarov, Shavkat Ibrohimov 3-o‘rinni, Line-following yo‘nalishida Shahboz Rajabov, Azizbek Shokirov 3-o‘rinni egalladi. Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz ishtirokchilari umumiy hisobda 7 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, International Robot Olympiad Committee (IROC) tomonidan 1999-yildan buyon har yili tashkil etiladigan musobaqalarga dunyo bo‘ylab 50 mingdan ortiq maktab o‘quvchilari jalb etib kelinmoqda. Unda robotlar sohasiga qiziquvchi yoshlarning iqtidorlarini rivojlantirish maqsad qilingan.

Manbaa: Daryo.uz

Comments are closed.