«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

The Economist O‘zbekistonni yil mamlakati deb e’lon qildi

The Economist jurnali O‘zbekistonni 2019 yilda eng jadal sur’atda o‘sishga erishgan mamlakat deb topdi.

Bosh tahririyati Londonda joylashgan jurnal har yili demokratiyaga intilayotgan mamlakatlar orasidan bu yo‘lda eng katta qadam tashlagan davlatni «Yil mamlakati» deb e’tirof etib keladi.

Nashr O‘zbekiston uch yil oldingidek yopiq davlat emasligi, majburiy mehnatga barham berilgani, «Jasliq» qamoqxonasining yopilgani, xorijlik jurnalistlarning kirishiga ruxsat berilgani, byurokratlarning kichik biznes sub’yektlari ishiga aralashishi taqiqlangani, ko‘proq chegara-o‘tkazish punktlarining ochilgani va iqtisodiyotni qayta tiklash uchun chet ellik ekspertlar jalb etilayotganiga e’tibor qaratgan.

The Economist, shuningdek, saylovoldi jarayonlarida deputatlikka nomzodlar hukumatni tanqid qilayotgani, bu avvallari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan hol bo‘lganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, oddiy aholi vakillari ham saylov jarayonlari haqida qo‘rqmay fikr bildira olayotgani qayd etilgan.

«O‘zbekiston hali uzoq yo‘l bosishi kerak, ammo hech qaysi bir davlat 2019 yilda O‘zbekistonchalik olg‘a qadam bosgani yo‘q», – deya xulosa qilingan nashr maqolasida.

Ma’lumot uchun, 1843 yildan buyon chop etiladigan «The Economist» hozirda dunyo bo‘ylab har hafta 800 mingdan ortiq nusxada nashr qilinadi.

Manba:Kun.uz

Comments are closed.