«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekistonda jahon talablariga javob beruvchi uchta golf klubi tashkil etiladi

Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlarida jahon talablariga javob beruvchi uchta yangi golf klubi ochiladi. “Gazeta.uz”ning xabar berishicha, bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 17-sentabr kuni “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Biz sayyohlik infratuzilmalarimizni yanada takomillashtirish ustida ishlamoqdamiz. Butun dunyodan sayyohlarni jalb qilish uchun golf klublarini tashkil etishimiz ham muhim. Hozirda golf klublarini barpo etish bo‘yicha uchta loyiha boshlandi”, — degan bosh vazir o‘rinbosari.

U qo‘shni Qozog‘istonda jahon talablariga javob beruvchi 4 ta golf klublari faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekistonda bunday majmualar yo‘q, dedi bosh vazir o‘rinbosari. Toshkent viloyatidagi ko‘llarda faoliyat ko‘rsatayotgan Toshkent golf klubi jahon talablariga javob bermaydi.

“O‘ylaymanki, yangi golf klublari ham xorijdan juda ko‘p sayyohlarni jalb qiladi. Va albatta, bizga, xalqimizga, davlatimizga daromad keltiradi. Va ertaga budjetga soliq to‘laydigan katta turistik kompaniyalar tashkil etilishi uchun katta biznes imkoniyatga aylanadi”, — degan Aziz Abduhakimov.

Avgustda O‘zbekiston Adliya vazirligi hukumat qaroriga tayangan holda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida 200 gektar maydonda golf o‘yinlari uchun majmua qurilishi haqida xabar qilgan edi. Loyihani amalga oshirish uchun “Mirasmanda Golf Resort” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Majmua hududida golf bo‘yicha professional va havaskor musobaqalar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Manba: daryo.uz

Comments are closed.