«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Ekspert: Soxta pulni qanday ajratish mumkin?

Respublika sud ekspertizasi markazi yetakchi eksperti soxta pullarga aldanib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishdi, deb xabar beradi O‘zA.

“Fuqarolarimiz uy sharoitida milliy valyutamizni qog‘ozini sifati va ustidagi ranglardan bemalol ajratib olsa bo‘ladi. Avvalo, banknotni yaxshilab his etishni o‘rganish kerak. Unda maxsus muhr bor, muhr relf yaratib turadi. Ko‘zi ojiz odamlar ham qo‘li bilan his etishga yordam beruvchi qabariqlar borki, qo‘l orqali paypaslab, bilsa bo‘ladi. Bunda undagi o‘lchami va silliqligi ham muhim. Aslida rasmlar va yozuvlar bir xil, ranglar tiniq bo‘ladi. 50 minglik yoki 100 minglik bo‘lsin, hammasi chiroq tushganda chetidagi belgisi har xil tusga kiradi.

Qisqasi, puldagi suv belgisi, qiyalik burchagiga qarab harakatlanadigan himoya ipi, tasvirlarning bo‘rtib turishi va arkaning tagida oq rangli bo‘yoqda bosilgan O‘zbekiston Respublikasining xaritasi orqali tezda aniqlab olish mumkin. Banknotning pastki qismidagi naqshda yashirin tasvir mavjud bo‘lib, bu lotin yozuvidagi UZ so‘zidan iborat. Bu ham ma’lum qiyalik burchagida bemalol ko‘rinadi”, – deydi Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi yetakchi eksperti Malika Qambarova.

Ta’kidlanishicha, bularning hech biri soxta pullarda bo‘lmaydi. Hatto ustida barmoq yurganda g‘adir-budirlik sezilmaydi. Ularning qog‘ozini sifati bir ikki marta bukilsa yoki suv tegsa, yirtilib bo‘yoqlari qo‘lga o‘tib qoladi.

Ammo ba’zi soxta pullar juda murakkab tayyorlangan bo‘ladi, ularni oddiy ko‘zda ajratish qiyin. Bu vaqtda turli uskunalar, hech bo‘lmasa lupa kerak bo‘ladi.

“Qalbaki pullar masalasida ko‘proq banklar bilan ishlaymiz. Yaqinda tekshirishga olib kelingan katta miqdordagi yevroning asosiy qismi soxta bo‘lib chiqdi. Ayni vaqtda fuqarolar kelib ariza yozib, tegishli to‘lovni amalga oshirsa, eng kamida o‘n kun muddatda pullarini tekshirib beramiz. Har bir obyekt uchun 900 ming atrofida to‘lov amalga oshiriladi”, — deydi Malika Qambarova.

Qayd etish kerakki, Jinoyat kodeksining 176-moddasiga ko‘ra, o‘tkazish maqsadida qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalar, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar yoxud chet el valyutasi yoki chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar yasash yoki ularni o‘tkazish ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.

Manbaa: Daryo.uz

Comments are closed.