«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

2020 yil 1 martdan boshlab qurilishga oid qarorlar dastlab hududdagi aholi o‘rtasida muhokama qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda belgilab berilgan vazifalarga muvofiq Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturni amalga oshirishning asosiy maqsadi etib quyidagi pirovard natijalarga erishish belgilandi:

Konstitutsiya va qonun ustuvorligini, davlat organlari qarorlari, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari qonunlarga to‘liq muvofiq bo‘lishini ta’minlash, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish;

jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, huquqiy axborotni zamonaviy usullar orqali keng ommaga yetkazish, har bir fuqaro va mansabdor shaxslarda Konstitutsiya va qonunlarga hurmat hissini shakllantirish;

Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish;

odil sudlov tizimini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining obro‘sini oshirish va chinakam mustaqilligini ta’minlash;

davlat va jamiyat boshqaruvida, davlat organlarining kundalik faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xalq manfaati yo‘lida xizmat qiladigan idoralarga aylantirish;

Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida yanada mustahkamlash, mulk daxlsizligini kafolatlash.

Belgilab qo‘yilishicha:

2020 yil 1 martdan boshlab:

aholi maskanlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash va obodonlashtirish, shuningdek, ularda kompleks qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishga oid qarorlar dastlab o‘sha hududdagi aholi o‘rtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkaziladi;

jismoniy va yuridik shaxslarga yer ajratish haqidagi hujjatlar qabul qilinganidan (rasmiylashtirilganidan) keyin bir kun muddatda tegishli hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boriladi.

Manba: kun.uz

Comments are closed.