«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Xitoy kompaniyasi Toshkentda Smart city loyihasini taqdim etdi

Toshkent hokimligida Xitoyning Leon Technology kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xorijiy tomon qator yo‘nalishlarni qamrab olgan Smart city loyihasini taqdim qildi. Hamkorlikning ilk bosqichida aniq bir yo‘nalishida ish boshlash muhimligiga e’tibor qaratib, jamoat transporti va bekatlarga mo‘ljallangan innovatsion takliflarni aytib o‘tdi.

Xitoyning “Aqlli jamoat transporti” loyihasi to‘lovlarni to‘lash, bepul internetdan foydalanish, transport yo‘nalishi va manzilga eng maqbul yo‘nalish haqida ma’lumot olish imkoniyatini beruvchi bir necha tarkibiy qismlardan iborat. Shuningdek, yo‘l yoritgichlaridan tarqaluvchi Wi-Fi hududlarni tashkil qilish masalasiga e’tibor qaratdi.

Yig‘ilishda Toshkent hokimi devoni rahbari E.Iminov poytaxtda “Aqlli va xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada ilg‘or davlatlar va shaharlarning tajribasi o‘rganilayotgani, takliflari ko‘rib chiqilayotganligini aytib o‘tdi. Xitoy mutaxassislar bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga AKTni joriy qilishga qaratilgan pilot loyihani amalga oshirish borasida bir qator fikrlarni bildirdi, bu orqali ikki tomonning ham sharoit, imkoniyat va takliflarini ko‘rib chiqish mumkinligini ta’kidladi.

Leon Technology kompaniyasining jamoat transporti faoliyatiga qaratilgan ilg‘or ishlanmalari ham shahar uchun ahamiyatli ekanligi e’tirof etilib, bu yo‘nalishdagi hamkorlik masalasi atroflicha ko‘rib chiqilishi bildirildi.

Manbaa: Qalampir.uz

Comments are closed.