«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Italiyalik fazogir BMTning iqlim anjumanida koinot stansiyasidan turib ishtirok etdi

Hozirda Xalqaro koinot stansiyasida qolayotgan italiyalik fazogir Luka Salvo Parmitano Madridda o‘tayotgan BMTning iqlim bo‘yicha anjumani COP25’da stansiyadan turib ishtirok etdi.

Salvo BMT bosh kotibi Antonio Guterresh va Ispaniya fan vaziri, ikki marta koinotda bo‘lgan fazogir Pedro Duke bilan suhbat olib borgan.

Italiyalik fazogirning aytishicha, odamlarni birlashtirishning usullaridan biri – “umumiy dushmanni topishdir”. “Bizning olamni barbod qilayotgan birinchi raqamli dushman – iqlim o‘zgarishlari, haroratning oshishidir. Bu umumiy dushmandir va biz unga qarshi birlashmog‘imiz lozim”, deb aytgan fazogir.

U turli davlatlarning koinotda muvaffaqityatli hamkorlik qilayotganini “turli olamlar birlashuviga” misol qilib keltirgan.

Fazogirning ta’kidlashicha, u koinot stansiyasidan sayyoramizda yuz berayotgan iqlim o‘zgarishlari, sentyabrda AQShga yopirilgan Dorian dovuli, toshqinlar oqibatlarini va vulqonlar faollashuvi olib kelgan vayrongarchiliklarni ko‘rgan.

“Sayyoramizni koinotdan ko‘rganingda o‘zingni qanday his qilishingni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Sayyoramiz go‘zal. Koinotdan boshqa birorta nuqtadan ko‘rib bo‘lmaydigan detallarni ko‘rish mumkin, biroq bu yerdan sayyoramizning qanchalik nimjonligi ham ko‘rinadi. Sayyoramiz yagona. Bizda boshqa sayyora yo‘q”, deb aytgan fazogir. 

Uning ta’kidlashicha, farzandlar, nabiralar kelajagi, ertaga g‘alaba qilish uchun bugun nimadandir voz kechish kerak. “Sofroq transport, sofroq energiya, sofroq havo – bularning barchasiga texnologiyalar tufayli erisha olamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Salvo. 

Italiyalik fazogir koinotga ilk parvozini 2013 yilda amalga oshirgan va ochiq koinotga chiqqan birinchi italiyalik bo‘lgan. 2019 yil iyulda u yana XKSga parvoz qilib, hozir u yerda qolmoqda.

13 dekabrgacha davom etadigan Madriddagi iqlim bo‘yicha anjumanda 200 dan ko‘proq davlat vakillari ishtirok etmoqda.

Manbaa: Kun.uz

Comments are closed.