«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Noyabr oyida narxlar qanchaga oshgani ma’lum qilindi

2019 yilning noyabrida iste’mol narxlari darajasining oy davomidagi o‘rtacha o‘sish sur’ati 1,7 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davstatqo‘m xabar bermoqda.

2019 yil boshidan iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari 13,3 foizga qimmatlashdi. 2018 yilning noyabr oyiga nisbatan respublika iste’mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 15,6 foizga oshgan. 

Taqqoslash uchun: 2018 yilning noyabrida tovar va xizmatlar narxlari oy davomida o‘rtacha 2,3 foizga, 2017 yilning dekabr oyiga nisbatan 12,0 foizga, 2017 yilning noyabriga nisbatan esa 16,5 foizga qimmatlashgan. 

O‘rtacha oylik narx indekslari o‘sish sur’atining hisoblanish tartibiga ko‘ra, 2019 yilning yanvar-noyabr oylari davomidagi iste’mol narxlari indeksi 1,1 foizni, 2018 yilning yanvar-noyabrida esa 1,0 foizni tashkil etgan. Shu tariqa, noyabr oyi davomida umumiy iste’mol narxlari indeksi joriy yilning yanvar-noyabr oylaridagi o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati ko‘rsatkichidan 0,6 darajaga yuqori bo‘ldi. 

2019 yilning yanvar-noyabr oylari davomidagi narxlarning eng yuqori o‘sishi va pasayishi avgust (o‘sish sur’ati 2,9 foiz) hamda iyun (pasayish darajasi 0,5 foiz) oylariga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa, joriy yilning noyabr oyidagi iste’mol narxlari indeksi o‘sish sur’ati 2019 yilning yanvar-noyabr oyidagi maksimal ko‘rsatkichdan 1,2 darajaga past, minimal natijadan 2,2 darajaga yuqori bo‘ldi. 

Taqqoslash uchun: o‘tgan yilning mos davridagi qisqa davrli oylik iste’mol narxlari indeksi dinamikasi tahlili natijalariga ko‘ra, umumiy ko‘rsatkichning eng yuqori o‘sishi yanvar oyida (2,7 foiz), sezilarli darajada pasayishi esa iyun oyida (0,4 foiz) qayd etilgan. 

2019 va 2018 yillarning o‘n bir oyi davomidagi qisqa davrli oylik umumiy iste’mol narxlari indeksi taqqoslash natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘rsatkichlar orasidagi maksimal chekinish yana avgust oyida (2019 yildagi 102,9 foizga qarshi 2018 yildagi 100,3 foiz), noyabr oyidagi farq esa 0,6 darajani tashkil etgan (2019 yil noyabrdagi 2,3 foizga qarshi 2018 yil noyabr oyidagi 1,7 foiz). 

O‘tgan yilning oxiriga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 14,8 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 10,4 foiz va xizmatlar 14,9 foizga qimmatlashgan. 

Manbaa: Kun.uz

Comments are closed.