«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Isroil bosh vaziriga uchta jinoiy ish bo‘yicha ayblovlar e’lon qilinadi

Isroil bosh prokuraturasi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga uchta jinoiy ish bo‘yicha ayblov bildirish qarorini qabul qildi. Netanyaxu ushbu ishlar bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida o‘tayotgandi, deb xabar berdi Times of Israel nashri.

Ta’kidlanishicha, Isroil bosh prokurori Avixay Mandelblit adliya vazirligidagi chiqishi vaqtida Netanyaxuga poraxo‘rlik, ishonchni suiiste’mol qilish va firibgarlik bo‘yicha ayblovlar e’lon qiladi.  

The Jerusalem Post nashrining yozishicha, Mandelblit knessetdan (parlament) bosh vazirni immunitetdan mahrum qilishni so‘raydi va bu jarayon 30 kungacha vaqt olishi mumkin. Nashrning ta’kidlashicha, deputatlar odatda immunitetdan mahrum qilish bo‘yicha belgilangandan ertaroq qaror chiqaradilar, biroq Netanyaxu bu jarayonni cho‘zishga harakat qilishi mumkin.

Agar Netanyaxuga poraxo‘rlik ayblovi bildirilsa, u bosh vazir vazifasini bajarishni davom ettira olmaydi. Biroq tergov jarayoni uning saylovlarda ishtirok etishi va bosh vazir lavozimiga qayta saylanishiga to‘sqinlik qilmaydi. 

Netanyaxu “4000 ishi” doirasida “Bezek” telekommunikatsiya kompaniyasi aksiyalarining nazorat paketi egasi Shaul Yelovichga “Bezek” saytida Netanyaxu haqida ijobiy axborot berish evaziga turli erkinliklar taqdim qilgan. Bu uchta ishdan eng jiddiysi hisoblanadi.

“1000 ishi” doirasida Isroil bosh vaziri biznesmenlardan ba’zi xizmatlari uchun sovg‘alar olganlikda gumon qilinmoqda.  

“2000 ishi” bo‘yicha Netanyaxu “Yediot axronot” gazetasi egasi Arnon Mozes bilan til biriktirganlikda gumon qilinmoqda. Tergovning fikricha, gazeta Netanyaxuning raqobatchi gazetaga zarar yetkazish va’dasi evaziga bosh vazir haqida ijobiy maqolalar chop etgan.
 
Oktyabrda ushbu ishlar bo‘yicha bir nechta sud majlislari bo‘lib o‘tgan, ular davomida Netanyaxuning himoyachilari siyosatchini unga qo‘yilayotgan ayblovlarga aloqasi yo‘qligini isbotlashga harakat qilganlar.

Manbaa: Kun.uz

Comments are closed.