«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekistonda ko‘zi ojizlar uchun normativ-huquqiy kitoblar chop etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Adolat” huquqiy axborot markazida “Ochiq adliya” dasturi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tadbirda markaz faoliyati va vazifalari, O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi Lex.uz’dagi o‘zgarish, yangilik va qulayliklar, “Adolat” nashr belgisi bilan chop etilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar haqida ma’lumotlar berildi.

“Adolat” huquqiy axborot markazi mamlakatdagi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini yuritish, qonun hujjatlarini milliy bazada rasmiy nashr etish, normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlarga elektron shaklda yetkazish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasidan belgilangan tartibda foydalanishi, autsorsing shartlarida yuridik adabiyotlar va rasmiy nashrlarning rasman chop etilishini ta’minlash ham markaz vazifasiga kiradi.

Markaz bazasi — Lex.uz’da hozirga qadar 75 913 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar joylashtirilgan. Bugungi kunda bu bazani butun dunyoda kuzatib borish mumkin. Jumladan, AQSh, Germaniya, Angliya, Janubiy Koreya, Belarus, Rossiya, Ukraina kabi davlatlarda ham foydalanuvchilar bor. Birgina oktabr oyida saytni dunyoning 115 ga yaqin mamlakatidan qariyb 670 mingdan ortiq foydalanuvchi kuzatgan. Saytdagi qonun hujjatlari nafaqat davlat tilida, balki, rus, ingliz va qoraqalpoq tillarida ham e’lon qilinmoqda.

Bugungacha “Adolat” nashr belgisi bilan mamlakatda qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotini rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida 900 ga yaqin nomdagi qariyb 10 million nusxa adabiyot nashr etilgan. Shuningdek, joriy yilda 1519 ta qabul qilingan qonun hujjati 142 ta davlat organi va tashkilotiga himoyalangan aloqa kanallari orqali yetkazib berildi.

Markazda nashr etilgan O‘zbekiston Respublikasi kodekslari, qonunlari, yuridik va boshqa turdagi adabiyotlarni kitobxonlar www.adolatmarkazi.uz internet do‘konidan sotib olmoqda.

Tadbir ishtirokchilari markaz tomonidan nashr etilayotgan kitoblar narxini arzonlashtirish kerakligini aytdi. Markaz mutaxassislari bu holatni o‘rganib chiqishni, ko‘zi ojizlar uchun ham maxsus kitoblar chop etilishi ko‘zda tutilayotganini ma’lum qildi.

Manbaa: Daryo.uz


Comments are closed.