«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Oliy ta’lim vazirligi: Iqtidorli talabalar Turkiyaga o‘qishga yuborilishi mumkin

Joriy yilning 11 noyabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida Turkiyaning Xorijlik turklar va qavm jamiyatlar idorasi raisi Abdulloh Eren boshligidagi delegatsiya qabul qilindi.

Uchrashuvda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, vazir o‘rinbosari U.Begimqulov, Xorijlik turklar va qavm jamiyatlar idorasi raisi Abdulloh Eren, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Muzokaralarda iqtidorli yoshlarga Turkiyaning davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriati, magistraturasi va doktoranturasida o‘qish uchun Turkiya hukumati stipendiyalarini taqdim etish imkoniyati, tanlov shartlari, g‘oliblarga yaratiladigan shart-sharoitlar muhokama qilindi. 

Inomjon Majidov Turkiya delegatsiyasiga minnatdorchilik bildirib, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida, shu jumladan Turkiya OTMlarida yetuk, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan loyihalarni vazirlik qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. 

Shu bilan birga, loyihani bosqichma-bosqich iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqqan holda muhandislik, texnika, kimyo sanoati, arxitektura va qurilish, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, tadbirkorlik kabi mutaxassisliklar bo‘yicha magistratura va doktoranturada o‘qitishdan boshlashni taklif etdi, deyiladi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabarida. 

Ma’lumot uchun, bugungi kunda Turkiya oliy ta’lim muassasalarida 1075 nafar o‘zbekistonlik talaba, shundan 150 nafari grant asosida tahsil olmoqda.

Manba:Kun.uz

Comments are closed.