«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Milliy gvardiya faoliyati qonun bilan tartibga solinadi

2019 yil 12 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, loyihada Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari, tuzilishi, shaxsiy tarkibi, huquqiy holati, faoliyat yo‘nalishlari, qonun loyihasida qurol-yarog‘, jismoniy kuch ishlatish tartibi hamda maxsus vositalarni qo‘llash, xizmatga kirish va xizmat o‘tashning umumiy shartlari hamda qoidalari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish choralari aniq bayon etilgan.

Ta’kidlanishicha, loyihada umummilliy qadriyatlarga tayangan holda, Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, fuqaro hamda shaxsning huquq va erkinliklariga rioya qilinishi, harakatchanlik, tezkorlik, doimiy jangovar tayyorgarlik va bo‘linmalarning o‘zlariga qo‘yilgan vazifalarni samarali hal qilish tamoyillari qamrab olingan.

Loyihani ishlab chiqishda milliy qonunchilik, shuningdek, Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlarning tajribasi atroflicha tahlil qilingan. Mazkur qonun loyihasi 2019 yil 12 iyunda regulation.gov.uz saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilib, kelib tushgan takliflar asosida loyihaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.

Ushbu qonun loyihacining qabul qilinishi Milliy gvardiya shaxsiy tarkibining o‘z xizmat va harbiy majburiyatlarini ishonchli, tashabbuskorlik asosida, aniq qonunga tayangan holda amalga oshirishiga mustahkam huquqiy zamin yaratadi.

Deputatlar mazkur qonun loyihasini istisno tariqasida biryo‘la uch o‘qishda qabul qilish taklifini bildirdilar. Taklif ma’qullandi va qonun uch o‘qishda qabul qilindi.

Manba: Kun.uz

Comments are closed.