«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekistonda «Yevro-4»dan past toifadagi yoqilg‘idan bosqichma-bosqich voz kechish boshlanadi

2020 yil 1 yanvardan boshlab “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish man etiladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonda aytilgan.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan boshlab “Yevro-3”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini, 2023 yil 1 yanvardan boshlab esa “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish taqiqlanadi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab zaharlilik darajasi “Yevro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalaridan foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish man etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan “M” va “N” toifalardagi g‘ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash tartibini ikki oy muddatda tasdiqlaydi.

Manba: Kun.uz

Comments are closed.