«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

“Ey, sinfdosh” qo‘shig‘i bilan tanilgan “Oqshom” guruhi to‘qqiz yil qamoqda o‘tgan umri haqida gapirib berdi (video)

“Ey sinfdosh”, “Nilufar”, “O, rashk” qo‘shiqlari bilan mashhurlikka erishgan “Oqshom” guruhining yakkaxoni Zokir Sobirov eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Zokir Sobirov suhbat davomida qamoqda o‘tgan to‘qqiz yillik hayoti haqida gapirib berdi.

Ijodni 1995-yilda boshlagan bo‘lsak, ketma-ket aytgan qo‘shiqlarimiz omadimiz kelib xit bo‘lib ketdi. O‘zimiz bilmagan holda tanildik. Odam tanilgani sari dushmani ham ko‘payar ekan. Biz bilmaymiz, do‘st kim, dushman kim. Xullas, e’tibor bermagan ekanmiz, dushmanimiz ham ko‘payib, oxiri shu qo‘shiqlarni orqasidan ham ko‘tarildim, maza qilib o‘ynab-kulib yurdim-u, o‘zim yaxshi ko‘rgan kasbimni qildim-u, lekin shuni orqasidan to‘qqiz yil qamoqda shu xursandchiliklarimning azobni tortdim. Bu narsani do‘st-u, dushmanga ravo ko‘rmayman.

Ko‘chada yurganimda oq-qorani ajrata olaman deb o‘ylar edim. Lekin, bu narsa noto‘g‘ri ekan. Qachonki, odam o‘zidan o‘tganini o‘zi bilsa, qamoqda bo‘lsa, yaqinlaridan uzoqda bo‘lsa, kim qanaqa, kim yaxshi kim yomonligini anglab yetarkan. To‘qqiz yil bu juda katta vaqt. To‘qqiz yilda bir bola voyaga yetadi. Shu yillar ichida shu joylarning azobini ko‘rib chiqdim. U yerda juda katta xulosa chiqardim. O‘zim uchun bir tomondan yaxshi bo‘ldi. Dunyoqarashim o‘zgardi. Oldin boshqa odam edim, hozir umuman boshqa odamman. Allohga behisob shukr, yetkazganiga shukr, sog‘-salomatman. U yerlarda ham muxlislarimiz bor ekan, bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi.

Ko‘chada qilib yurgan ishimni qamoqda ham qildim, o‘sha yerda qo‘shiq kuylab yurdim. Haqiqatni aytish kerak, qo‘shiqni orqasidan, Xudo yuqtirgan ekan, shu yerda ham sindiraman degan dushmanlarim sindira olmadi. Nimaga? Xudo yuqtirsa hech kimni qo‘li yetmas ekan. Xudoga shukr u yerda ham hurmatim bo‘ldi. Xodimlar ham juda yoqtirar edi. Sahna bo‘lardi, sahnada qo‘shiq aytardik, qo‘shiq yaratar edik. U yer ham kichkina shaharcha, u yerni ham qonun-qoidasi boshqa. Ko‘chada boshqa, u yerda boshqa. O‘sha yerda ham Xudoga shukr hurmat topib, sog‘-salomat chiqdik. Shu sabab ham to‘qqiz yil yo‘q bo‘lib ketdik.

Endigi harakatlar, avvalo Xudo. Keyin oldinga qarab talpinish, talpinish va yana talpinish. Niyatim, oldingi darajamdan yanada sal yuqoriroq pog‘onaga chiqish. Baribir hammasi Xudodan ekan, omad kelsa hech gap emas. Birinchi o‘rinda Xudodan so‘rab qolaman, lekin, harakatdan to‘xtamayman.

Zokir Sobirov, “Oqshom” guruhi yakkaxoni

manba:Dy.uz

Comments are closed.