«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Alyaskada o‘tkinchi ayol topib olgan qotillik videosi yozilgan fleshka yordamida jinoyatchi 8 kunda topildi

Alyaskada kelib chiqishi janubiy afrikalik bo‘lgan 48 yoshli mahalliy fuqaro Brayan Smit qotillikda ayblanib hibsga olindi, deb xabar bermoqda Meduza. Bunda jinoyat fotosuratlari va videosi bo‘lgan fleshka tasodifan topib olingani yordam bergan.

Fleshkani Ankorij shahrida yashaydigan ayol 30-sentabr kuni ko‘chadan topib olgan. Qayd etilishicha, fleshkada jinoyatchi erkak ayolni kaltaklab, bo‘g‘ayotgani tasvirlangan 39 ta fotosurat va 12 ta videolavha bo‘lgan. Videolavhalarning birida erkak kishining “Shunchaki… o‘l” degan ovozi eshitilgan. Surat va videolar 4—6-sentabr kunlari olingan.

Fleshka Ankorij yaqinida topilganidan 2 kun o‘tgach, politsiya ayolning jasadini topgan. Politsiya jasad foto va videotasvirga tushgan ayolga tegishli deb taxmin qilgan. Marhumaning ismi va qotil bilan qanday aloqalari borligi hozircha ma’lum qilinmagan.

Topib olingan karta jinoyat ishida asosiy dalil bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, politsiya Brayan Smitni foto va videolar orqali tanigan. Chunki u avval ham boshqa tergov ishiga aloqador bo‘lgan (qanday tergov ishi ekanligiga aniqlik kiritilmagan). Shuningdek, gumonlanuvchini aniqlashda videodagi erkakning janubiy afrikacha aksenti yordam bergan.

Bundan tashqari, fleshka yordamida qotillik Ankorijdagi TownePlace Suites mehmonxonasida sodir bo‘lgani aniqlangan. Videodagi gilam suratdagi gilamga mos kelgan. Qo‘shimcha dalillarni Smitning qo‘ng‘iroqlari ro‘yxati bergan. Aniqlanishicha, taxminan fleshkadagi oxirgi rasm suratga olingan vaqtda u jasad topilgan joyda bo‘lgan.

Smit 8-oktabr kuni Ankorij shahridagi aeroportda ushlanib, ertasi kuni hibsga yuborilgan. Xabarda jinoyat sabablari xozircha noma’lumligi, tergov ishlari davom etayotgani aytilgan.

Comments are closed.