«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Nil Armstrong Oydan turib kimga va nima uchun omad tilagan?

«Omad yor bo‘lsin, mister Gorski!» Bu jumlani «Apollon-11» kemasining boshlig‘i Nil Armstrong 1969 yil 20 iyul kuni Oydan turib aytgan. Albatta, «inson uchun kichkina qadam, lekin insoniyat uchun juda katta odim», degan ham shu kishi bo‘ladi. Oy yuzasidagi ishlarini bitirib, modulga qaytayotgan payti esa NASA uchun kutilmaganda notanish bir odamga omad tilaydi.
AQSh fazo tadqiqotlari agentligi bu jumla qaysidir sovet fazogiriga atalgan bo‘lsa kerak, deb taxmin qiladi. Lekin aniqlanishicha, sho‘ro davlatida bunday familiyali kosmonavt bo‘lmaydi.
Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Jurnalistlar, jamoatchilik, tanish-bilishlar Nil Armstrongdan bu gapning egasini so‘rayverishdi, u esa shumlarcha tabassum bilan izoh bera olmasligini aytaverdi.
Ushbu mashhur remarkaning ma’nosini Nil Armstrong keksayib qolgan payti, 1995 yilda jurnalistlarga so‘zlab berdi. Chunki mister Gorski vafot etgan va fazogir endi sirni ochishi bilan hech kimni ranjitmasligiga ishonch hosil qilgan edi.
Gap shundaki, bolalikda Nil Armstrong o‘rtoqlari bilan tom orqasida, Gorskilar uyining yotoqxona qismiga yaqin joyda ko‘p beysbol o‘ynardi. Missis Gorski juda janjalkash bo‘lib, mudom turmush o‘rtog‘ining miyasini egovlar, bolalar buni eshitar edi. Mister Gorski ajrashgisi kelar, lekin rafiqasi qonunan izn bermasdi. Kunlardan bir kun beysbol payti to‘p o‘sha yotoqxona derazasining tagiga borib tushdi. Uni olgani borgan bola missis Gorskining mister Gorskiga shang‘illayotganini eshitdi: «Buni qachon olasan bilansanmi, qo‘shni bola Oyga qo‘nganda!»
Mister Gorski rafiqasidan nima so‘raganini anglab olish qiyin emas, albatta. Nil Armstrong esa bu shartni nafaqat bir umrga eslab qolgan, balki mashhur ham qilib yuborgan.

Muzayyana MAShRABXON

Manba: O’ZA

Comments are closed.