«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qo‘qonda mehmonlar munosib kutib olinmoqda!

Xalqaro hunarmandchilik festivali oldidan

Ayni kunlarda Qo‘qon shahri butun dunyoga o‘z ko‘rku tarovatini ko‘z-ko‘z etib, kundan kunga muhtasham, ozoda va orasta qiyofada namoyon bo‘lmoqda.

Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik borasida belgilangan qurilish-bunyodkorlik ishlari sifatli yakunlandi hamda yurtimizning barcha hududlari va xorijdan tashrif buyurayotgan mehmonlar o‘zbekona udumga ko‘ra bayramona tarzda kutib olinmoqda.

Qo‘qon temir yo‘l vokzalida festivalda ishtirok etish uchun kelgan yurtimiz janubi – Surxondaryo viloyati delegatsiyasi a’zolari tantanali kutib olindi.

Viloyat delegatsiyasi tarkibida 60 nafar mohir hunarmandlar, baxshilar, madaniyat va san’at sohasi namoyandalari jamul-jam bo‘lgan. Surxondaryolik mashhur gilamdo‘z Nazokat Sobirova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkaziladigan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida bir necha marotaba “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi g‘olibi sifatida e’tirof etilgan. Festival davomida u qatnashchilarga gilamdo‘zlikning vohaga xos an’analarini keng targ‘ib etishni maqsad qilgan. Shu bilan birga ishtirokchilar ko‘z o‘ngida nafis gilam to‘qish mahoratini namoyish etishni ham rejalashtirmoqda.

– Birinchi taassurotimizning o‘zi hayratlanarli, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhayyo Jo‘raeva. – Qo‘qon shahri aqlni shoshiradigan va zavqingizni oshiradigan darajada go‘zal maskanga aylanibdi. Bir paytning o‘zida ham sharqona latofat, ham zamonaviy taraqqiyot manzaralari har qanday insonga xush kayfiyat baxsh etadi. Biz shu bugunning o‘zida tayyorgarlik ishlariga astoydil kirishamiz.

– Bu kabi tantanalar xalqimizni yanada jipslashtiradi, birdamligini ta’minlaydi, – deydi Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi Abdusamad Boltaboev. – Bolalikdan Alisher Navoiyning muxlisiman. Hazrat Navoiyning ushbu satrlari shahrimizdagi asrlarga tatigulik bugungi quvonarli o‘zgarishlarga hamohang:

Bu gulshan ichraki, yo‘qdur baqo guliga sabot,

Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot.

Adabiyot, san’at va madaniyat, milliy qadriyatlar rivojiga qaratilayotgan bunday yuksak e’tibor tom ma’noda xalqimizning ma’naviy yuksalishi uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Manba:UZA

Comments are closed.