«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi rasmiy saytida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yili uchun 36,5 million nusxadagi 3-, 8- va 9-sinflar uchun darsliklar yangidan chop etildi va ijara to‘lovi miqdorlari qaytadan belgilandi.

3-sinflar uchun ijara to‘lovi miqdori o‘tgan o‘quv yildagiga nisbatan 12 ming 600 so‘mga oshgan, 8- va 9-sinflar uchun o‘tgan o‘quv yilida belgilangan miqdorlarga nisbatan 31,8-29,1 ming so‘mga o‘sgan.

Buning asosiy sabablari darsliklarni chop etish va etkazib berish narxlarining o‘sishidir. 8- va 9-sinf darslik to‘plamlari (16-17 ta darslikdan iborat) so‘nggi bor 2014 yilda chop etilgan bo‘lib, o‘sha yildagiga nisbatan o‘rtacha bir dona darslikning tannarxi 3,4-3,8 barobarga o‘sgan. Shuningdek, 3-sinf darslik to‘plamlari (10-11 ta darslikdan iborat) esa oxirgi marta 2016 yilda chop etilgan tannarxlarga nisbatan 2,6 barobarga oshgan.

Misol uchun, 2019/2020 o‘quv yiliga yangidan chop etilgan ta’lim o‘zbek tilidagi 8-sinf o‘quvchilari uchun belgilangan 40 700 so‘m ijara to‘lovi ushbu darslik to‘plamlarining (16 ta darslikdan iborat) erkin savdodagi taxminiy narxi 140 356 so‘m belgilanganligiga nisbatan 99 656 so‘m yoki 3,5 barobarga arzon. Bunday holatni qolgan sinflar misolida ham kuzatish mumkin. Ya’ni, darsliklar bilan ta’minlashning ijara tizimi foydalanuvchilarga moliyaviy qulayliklar yaratadi.

Shu bilan birga, o‘tgan o‘quv yillarida chop etilgan hamda foydalanish muddatlari tugamagan darslik, mashq daftarlarining tillar va sinflar kesimida belgilangan ijara to‘lovi miqdorlari qayta hisob-kitob qilinib, sinflar kesimida tenglashtirildi. Buning natijasida, ba’zi sinflar uchun ijara to‘lovi miqdorlari kamaygan.

Xususan, ayrim darslik to‘plamlarining ijara to‘lovi miqdori 2018 yilning avgust oyida shartnomalarda ko‘rsatilgan narxlar bo‘yicha hisoblangan bo‘lib, 2018 yil yakunida Moliya vazirligi tomonidan deklaratsiya qilinishi natijasida darsliklar narxi sezilarli ravishda pasaygan. Misol uchun, 2- va 11-sinflar uchun ijara to‘lovi miqdorlari o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan mos ravishda 3700 va 7100 so‘mga kamaygan.

Bundan tashqari, yangi o‘quv yilida etishmay qolishi kutilayotgan darsliklar qo‘shimcha chop etilib, ularning ijara to‘lovi miqdorlari o‘tgan o‘quv yillarida belgilangan miqdorlarga qo‘shildi.

Eslatib o‘tamiz, 2001 yildan boshlab respublikamizda umumta’lim maktablari darsliklarining ijara tizimi joriy qilingan.

Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi miqdori respublika bo‘yicha yagona bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014 yil 28 aprelda 2577-sonli raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 39-bandiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi Vasiylik kengashi tomonidan sinflar va ta’lim tillari kesimida tasdiqlanadi.

Mazkur Nizomning 43-bandiga asosan, darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovlari umumta’lim maktabining shaxsiy g‘azna hisob varag‘iga naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda to‘lanishi mumkin.

Maktabdagi darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi 30 sentyabrgacha to‘liq hajmda to‘lanadi.

O‘quvchilarning ota-onalari pul mablag‘larining vaqtinchalik yo‘qligi sababli, ijara to‘lovi muddatini uzaytirish to‘g‘risida umumta’lim maktabi ma’muriyatiga murojaat qilishi mumkin.

Ijara to‘lovi muddati uzaytirilgan taqdirda, mazkur to‘lovning 50 foizi 30 sentyabrgacha, qolgan qismi esa 30 noyabrgacha to‘lanishi lozim.

Eng asosiysi, darsliklar ijarasi ota-onalar uchun qulaylik yaratadi. Darsliklarni o‘z tannarxida sotib olishdan ko‘ra ijaraga olish ota-onalarga iqtisodiy tomondan ko‘mak bo‘ladi.

Hujjatning 30-bandida 1-sinf o‘quvchilari, Mehribonlik uylari, maxsus maktab va maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari hamda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi o‘quvchilar umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasi tomonidan darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Bunda darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi o‘quvchilar ro‘yxati 1 sentyabrgacha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari iltimosnomasiga va ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan umumta’lim maktabining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Comments are closed.