«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

“Sharq taronalari” festivali ishtirokchilari 25 avgustdan Registonda chiqishlarini boshlaydi

Bu yil “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivalida 74 davlatdan vakillar qatnashishi kutilmoqda.

Festivalь matbuot markazining xabar berishicha, Madaniyat vazirligi va Xalqaro festivallar direktsiyasi tomonidan “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivalida ishtirok etayotgan musiqiy jamoalarning Registon maydonida chiqishlari reja jadvali ishlab chiqilgan.

Unda belgilanishicha, 25 avgust kuni Afg‘oniston (“Haft goh”), Misr (“Heritage Ensemble For Arab Music-Cairo Opera House”), Gollandiya, Iroq, Turkiya (International — “Mundus Trio”), Qozog‘iston (“Babalar sazы”), Argentina (“Sandra Rehder”), Hindiston (“Debapriya & Samanwaya”), Eron (“Haray Ladies Folklore Music Group”) davlatlaridan kelgan musiqiy jamoalari tanlov dasturi bo‘yicha chiqishlarini boshlaydi.

Ishtirokchilarning chiqishlarini etti kishidan kam bo‘lmagan xalqaro hay’at baholab boradi. Xalqaro hay’atga xorijiy va mahalliy musiqashunos olimlar, taniqli san’atkorlar, kompozitorlar va bastakorlar, xorijiy davlatlardagi xalqaro san’at festivallari tashkilotlari vakillari taklif etilgan. Yorqin an’anaviy xususiyatlar, mazmundorlik, yuksak ijro mahorati va sahna madaniyati jamoalarni baholashning asosiy mezoni hisoblanadi.

Festivalь nizomiga ko‘ra, tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikki yo‘nalish – professional tarzdagi xalq musiqa va qo‘shiqlari hamda an’anaviy yo‘lda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qo‘shiq yo‘nalishlarida baholanadi.

Bu yil festivalь Gran-Pri sohibiga 10 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti beriladi. Ikkita 1-o‘rin, ikkita 2-o‘rin va uchta 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilar ham 5 mingdan 2 ming dollargacha pul mukofotini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalarda ham g‘oliblar maxsus diplom hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Festivalь ishtirokchilari tanlov dasturidan boshqa vaqtlarda Samarqand shahrida, shuningdek, Oqdaryo, Samarqand, Pastdarg‘om, Toyloq, Urgut va Jomboy tumanlaridagi istirohat bog‘lari, madaniyat muassasalarida ijodiy uchrashuvlar, kontsertlarda qatnashadi.

Comments are closed.