«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Kushon davlati xazinasi nimalardan iborat?

O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “Kushon davlati xazinasi” nomli ko‘rgazma ochildi.

Joriy yilning 22-27 avgust kunlari O‘zbekistonning to‘rtta – Toshkent, Samarqand, Termiz, Buxoro shahrida “O‘zbekiston – buyuk yo‘llar va tsivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” mavzusidagi madaniy meros haftaligi bo‘lib o‘tishi belgilangan edi.

Ma’lumki, mazkur haftalik bugun O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib etish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining III xalqaro kongressi bilan boshlandi. Shuningdek, haftalik doirasida “Kushon davlati xazinasi” nomli ko‘rgazma ham ochildi.

Unutilgan Kushon

Buyuk Kushon imperiyasining shaharlari gullab-yashnab, Rim imperiyasiga yoki Xitoy imperatorlari tomonidan yaratilgan Xan davlatiga teng bo‘lgan. Kushon hukmdorlari buddizmni qo‘llab-quvvatladilar. Shuning uchun budda haykallari butun mamlakat bo‘ylab qurildi. Ammo vaqt o‘tib, bir vaqtlar qudratli saltanat yo‘q bo‘lib ketdi va unutildi. Faqatgina qadimgi tarixchilar solnomalaridagi arzimas satrlargina bu saltanatining qadimgi buyukligini eslatdi. Kushon saltanati abadiylikka botib ketganday tuyuldi va hech kim uni hech qachon eslamadi. Biroq, turli mamlakatlar arxeologlari bir vaqtning o‘zida ko‘plab qadimiy madaniyat yodgorliklarini kashf etdi. Ular unutilgan Kushon hukmdorlari, madaniy va savdo aloqalari haqida so‘zlab berdi.

Xalqaro olimlarning ko‘psonli iltimosiga ko‘ra, eramizning I asri boshida O‘rta Osiyo hududida qad rostlagan jumboqli, kam o‘rganilgan va qachonlardir qudratli bo‘lgan Kushon imperiyasining noyob artefaktlarni mustaqillik yillari davomida ilk bor ko‘rgazmaga qo‘yilishi ham o‘ziga xos ishdir.

Ko‘rgazmaning eksklyuziv, o‘ziga xos jihati – Surxondaryo viloyatidagi Dalvarzintepa shahri qazishmalarida topilgan afsonaviy “Dalvarzin xazinasi” namoyishi bo‘ladi. 1972 yilda E.Rtveladze rahbarligidagi bir guruh arxeologlar qazishmalar paytida eramizning I asriga tegishli 36 kilogrammga yaqin og‘irlikdagi, hudud tarixida eng yirik tilla buyumlar xazinasini topgan. Hozirgi kungacha mazkur noyob xazina davlat jamg‘armalarida saqlangan va avval ko‘rgazmada sira namoyish etilmagandi.

Ko‘rgazmaning eng kamyob eksponatlari orasida – oltin pektoralь (yol), Geraklning tasviri tushirilgan gemma, ko‘krak usti tilla bezaklari, hayvon tasvirli tilla ko‘krak nishoni, eramizdan avvalgi III – IV asrda Shimoliy Hindiston va O‘rta Osiyo janubi (Baqtriya, So‘g‘diyona)da keng tarqalgan yozuv bitilgan noyob oltin chorqirra qayroqtosh va ko‘pgina boshqa buyumlar bor.

O‘zbekistonning turli muzeylaridagi Kushon davriga aloqador eksponatlari birinchi marta yagona ekspozitsiyada namoyish etildi.

Ko‘rgazma doirasida “Kushon podsholigi xazinalari” kitob-alьbomi va shu nomdagi hujjatli filьm taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Comments are closed.