«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Salom aliksiz qolmasin…

Jim turib borliqni kuzatish ne xayollarga olib kelmaydi kishini. Nishonga intilgan kamon o‘qiday ildamlab ketayotgan bu zamonda o‘ylamasdan yurib bo‘lmas. Aytmoqchi bo‘lgan o‘ylarim, balki sizga erish tuyular. «Odamlar kosmosni zabt qilayotgan bir davrda», bu gaplarim sizga arzimas ko‘rinar…
Tinimsiz shovqinli ko‘cha. Hamma o‘z tashvishi bilan ovora. Men ham turli xayollar og‘ushida shahar marshrutkalarining biriga qo‘l ko‘tarib minaman. «Assalomu alaykum»… Hech e’tibor berganmisiz?.. Marshrutkaga kim intilib minsa, albatta, salom berib o‘tiradi. Lekin haydovchidan bo‘lak alik oluvchi mardum topilmas(magaram haydovchi toliqqan bo‘lmasa). Bu motorli karvon uzra kimlar o‘tirmaydi: oddiy odamdan tortib, turli yosh va turli kasb egalarigacha bir muddat mehmon bo‘lishadi. Unda biz mehmon odoblariga rioya qilyapmizmi? Gapning sirasini aytganda, shu «xayol parishonlikda», biz yoshi kattalar yonimizdagi murg‘aklarga «o‘rnak» bo‘lib qolmayapmizmi? Yoshlarni shunday yashashga undab qo‘ymayapmizmi? Siz arzimas bilgan birgina kalima so‘z asrlarga tatishini anglamaysizmi? E’tibor bersangiz, xayollarni bir dam qo‘yib, salomga alik qilsak, asrlar kelajagining ma’naviy olamiga hissa qo‘shmaymizmi? Har bir ishning boshlanishi shundan emasmi?.. Hazrat Navoiyning nasihatlarini eslatib o‘tsam: «Qaro ko‘zim, kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il». Salom aliksiz qolmasin!

Ali Ergashev

Comments are closed.