«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Mudofaa vazirligining birinchi yarim yillikda amalga oshirgan ishlari muhokama qilindi

Mudofaa vazirligi: Yaqin mintaqalardagi harbiy-siyosiy vaziyat monitoringi o‘tkazilib, uning rivojlanish tendentsiyalari aniq tahlil va prognozlar asosida baholab borilmoqda

Ertaga – 23 avgust kuni Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi boshlanadi. Bugun yalpi majlis oldidan Senat qo‘mitalari majlislari bo‘lib o‘tmoqda.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan 2019 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, 2019 yilda Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklangan maqsadli vazifalar to‘liq bajarilgan. Jumladan, qo‘shinlarda jangovar tayyorgarlikni darajasini oshirish maqsadida tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda xorijiy davlatlarida Mudofaa vazirligining 290 nafar harbiy xizmatchisi tahsil olmoqda.

Mudofaa vazirining Mudofaa doktrinasining amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etish, bunda asosiy e’tiborni harbiy qurilish masalalariga qaratish va bu yo‘nalishdagi faoliyatni kuchaytirish hamda Qurolli Kuchlarda jangovar ruhni yuksaltirish, askar va zobitlarimizni jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti ham eshitildi.

Xususan, xalqaro maydonda kechayotgan voqea-hodisalar, Markaziy Osiyo hamda unga yaqin mintaqalardagi harbiy-siyosiy vaziyat monitoringi o‘tkazilib, uning rivojlanish tendentsiyalari aniq tahlil va prognozlar asosida baholab borilmoqda. Mavjud ma’lumotlar tahlili natijasida tegishli hujjatlar tayyorlanib, mutasaddi tashkilotlarga tizimli ravishda kiritilyapti.

Qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligida guruh, vzvod va batalьonlarning avtonom ravishda jangovar vazifalarni bajarish imkoniyatlarini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Shu sababli jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarga oshirilgan. Xususan, o‘q otish mashg‘ulotlari qurollaridan 2,6 barobar ko‘p foydalanilgan hamda jangovar mashinalardan otish mashg‘ulotlari 2,1 barobar ko‘p o‘tkazilgan.

Zirhli va avtomobilь texnikalarini haydash mashg‘ulotlari soni ham 1,3 foizga oshirilib, qo‘shinlarning jangovar ko‘nikmalari mustahkamlangan. Umuman, qo‘shinlarda 130 taktik maxsus va 124 qo‘mondonlik shtab o‘quvlari o‘tkazilgan. Shuningdek, xorijiy davlatlar bilan harbiy hamkorlik rejasiga asosan 10 dan ortiq hamkorlik o‘quvlari o‘tkazilgan.

Majlisda Mudofaa vazirligining faoliyatini yanada kuchaytirish lozimligi uqtirildi. Shu jumladan moliyaviy resurslar va moddiy-texnika vositalaridan maqsadli foydalanish, harbiy xizmatchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish kabi yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Comments are closed.