«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

2019 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida kutilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi:

  1. Foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlari xususiylashtiriladi.

Foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlarini, shu jumladan ta’lim muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat, xususan kinoteatrlar, klublar, kontsert-tomosha ko‘rsatish muassasalari va kinolashtirish ob’ektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan er uchastkalari doimiy foydalanish huquqi asosida sotiladi.

  1. Mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servis yo‘nalishlari bo‘yicha xodimlar chet elda o‘qitiladi.

Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, mashinasozligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yo‘nalishlari bo‘yicha hodimlari «El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga o‘qitish va malaka oshirish uchun yuboriladi. Tahsil olayotgan iqtidorli bakalavr talabalarning xorijiy oliy ta’lim muassasasidagi to‘lov kontrakti to‘lab beriladi.

  1. Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi arizalar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
  2. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi hamda guvohnoma egalariga mehnat stajini hisobga olish va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi beriladi.
  3. “Temurbeklar maktabi” xodimlari va harbiy xizmatchilarining oylik maoshi oshadi.

“Temurbeklar maktabi” xodimlarining oylik maoshi:

direktor va uning o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, o‘quv bo‘limi xodimlari uchun — 5 barobar;
to‘garak (sektsiya) rahbarlari va psixologlari uchun — 3 barobar;
axborot-resurs markazi (kutubxona), axborotlashtirish va aloqa bo‘linmalari xodimlari, instruktorlar va laborantlar uchun — 2 barobar miqdorda oshiriladi.
Shuningdek, “Temurbeklar maktabi”da xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning pul ta’minotiga ularning lavozim maoshining 50 foiziga teng miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.

  1. Toshkent shahrida joylashgan ko‘chmas mulkka nisbatan notarial harakatlar asosida vujudga keladigan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar haqidagi ma’lumotlar Reestrga faqat davlat notarial idorasi orqali taqdim etilgan talabnomaga asosan kiritiladi va bir vaqtning o‘zida Reestrdan ko‘chirma beriladi.
  2. Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom kuchga kiradi.
  3. Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari, shu jumladan tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilariga bazaviy tarif stavkasining 75 foizi miqdorida har oylik ustama haqi to‘lanadi.
  4. Ish haqining eng kam miqdori o‘rniga yangi tushunchalar qo‘llaniladi.

Ish haqining eng kam miqdori o‘rniga:

577 170 so‘m miqdorida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori;
223 000 so‘m miqdorida bazaviy hisoblash miqdori;
223 000 so‘m miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etiladi.

  1. Davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining maoshi oshiriladi.

Davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari yordamchilarining, o‘sishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlar bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan guruhlarda ishlaydigan tarbiyachilar, pedagog xodimlar va tibbiyot xodimlari yordamchilarining lavozim maoshlari va bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasida erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi bir xilda o‘n sakkiz yosh etib belgilanadi.
  2. Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalar faqat elektron shaklda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshiriladi.
  3. Yangi “O‘zbekiston tarixi” telekanali o‘z faoliyatini boshlaydi.

Comments are closed.