«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Buxoroda Tojikistonga yo‘lga chiqqan avtobus ag‘darildi. 9 kishi yaralandi, biri o‘ta og‘ir holatda

19-avgust kuni Jondor tumanidan o‘tuvchi “A-380” avtomobil yo‘lining 368-kilometrida harakatlanib borayotgan, Tojikiston fuqarosi Alijon Afg‘onovga tegishli bo‘lgan Mercedes-Benz Sprinter rusumli mikroavtobus ag‘darilib, yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Bu haqda “Daryo”ga Buxoro viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hodisaga mikroavtobusning orqa o‘ng shinasi yorilib ketishi sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Avtobus salonida 2 nafar haydovchi hamda 16 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

YTH soat 14:55 da sodir bo‘lgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga xabar yetkazilgach, soat 15:00 da 8 ta tez yordam mashinasi yo‘lga chiqqan. Jondor tumanidan o‘tuvchi “A-380” avtomobil yo‘lida nosozlik borligi sabab avtohalokat sodir bo‘lgan 60 kilometr uzoqlikdagi masofaga tez yordam mashinasi soat 15:30 da yetib borgan.

Avtobusda bo‘lgan 18 kishining 8 nafari yengil va 1 nafari o‘ta og‘ir jarohat olgan. Ular Gazli shaharchasidagi tibbiyot bo‘limiga olib borilgan va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng barcha bemorlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelingan.

O‘ta og‘ir jarohat olgan, 1990-yilda tug‘ilgan Zokirjon Latifzoda Gulmaxmad koma holatida ekanligi aytilmoqda. Ayni paytda bu bemor ustida tibbiy muolajalar olib borilmoqda.

— O‘zbekistonliklar yurtdan yiroqda halokatga uchraganimizni sezdirishmadi. Bugun avtohalokatda o‘ta og‘ir jarohatlangan bir sherigimizdan tashqari hammamiz Tojikiston sari yo‘l olyapmiz. O‘zimiz uchun alohida mikroavtobus, yuklarimiz uchun alohida avtomashina ajratilib, Tojikiston chegarasigacha yo‘l-patrul xizmati ham yo‘lga qo‘yildi. Bir nafar shifokor ham bizga hamroh bo‘lib ketayapti. Oilamiz bag‘riga sog‘-salomat yetib borishimizni ta’minlagan, chin dildan do‘stona ko‘magini ayamagan o‘zbekistonliklarga va shifokorlarga tashakkurimizni bildiramiz,—dedi tojikistonlik yo‘lovchi Qutbiddin Mizrobov.

Aniqlanishicha, yo‘lovchilarning barchasi Rossiya Federatsiyasiga borgan migrantlar bo‘lib, Moskva shahridan yo‘lga chiqqan va O‘zbekiston orqali Tojikistonga o‘tmoqchi bo‘lgan.

Holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq ham shu tuman hududidan o‘tuvchi yo‘lda Qozog‘iston fuqarosi boshqargan avtobus ag‘darilgan va bir kishi halok bo’lgandi.

Comments are closed.