«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

SALOMATLIGIMIZ SOG‘LOM TURMUSH TARZIGA QANChALIK RIOYA ETIShIMIZGA BOG‘LIQ

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, inson salomatligi 55 foiz holatda sog‘lom turmush tarziga, 20 foizi yashayotgan ekologik muhitiga, 15 foizi irsiy omillarga, bor yo‘g‘i 10 foizi tibbiyotga bog‘liq ekan. Demak, sog‘lom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan holi, chiroyli va baxtli yashash omilidir. Eng muhimi, millat genofondiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Hozirgi urbanizatsiya davrida kamharakatlilik butun dunyoning o‘tkir muammosiga aylanmoqda. Holsizlik, uyquchanlik, uyquning buzilishi, diqqat-e’tiborni jamlashning sekinlashishi, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik — bu kabi belgilar har bir kishida uchraydi, lekin kamdan-kam odamlar bu holatlarni kamharakatlilik bilan bog‘laydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, yiliga chekishdan 5 million, kamharakatlilikdan esa 5,3 million odam hayotdan ko‘z yumadi. Ushbu globallashib borayotgan muammoni hal qilishga har birimiz mas’ulmiz.

E’tiborli jihati, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda ko‘p energiya sarflashning hojati yo‘q, ijobiy ta’siri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to‘qimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi. Jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz turi hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — o‘smirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishga qodir.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Ya’ni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo‘lgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sog‘lomroq ekan. Bundan tashqari, jismoniy faollik natijasida organizmda biosintez jarayoni faollashadi, qon aylanish jarayoni 4-5 marta kuchayadi, yurak qisqarishlari soni tezlashadi, bu esa organizmda yangi energiya hosil bo‘lishiga va energiya bilan ta’minlanish yaxshilanishiga olib keladi.

Xalqimizda kasalni davolagandan ko‘ra, oldini olgan afzal, degan naql bor. Shu bois yurtimizda sog‘lom turmush tarziga alohida e’tibor qaratilayapti. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yilning 18 dekabridagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Har haftaning shanba kunlari mamlakatimiz bo‘ylab ommaviy salomatlik tadbirlarining uyushqoqlik bilan tashkil etilishi aholining sog‘lom turmush turziga qiziqishini oshirmoqda.

Unutmaylik, sog‘lom turmush tarzi, jumladan, yurish salomatlikni mustahkamlaydi, kasalliklardan muhofaza qiladi hamda umrni uzaytiradi. Buning uchun ko‘p narsa talab etilmaydi. Shunchaki, yurishni kundalik odatga aylantirsangiz kifoya!

Comments are closed.