«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Chiroqchi tumanidagi Ko‘kdala qishlog‘i yanada ko’rkam qiyofa kasb etadi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziev 16-avgust kuni aholi bilan muloqot qilish maqsadida Chiroqchi tumanining Ko‘kdala qishlog‘ida bo‘lib, qishloq aholisining taklif va talabiga binoan ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 300 million so‘m mablag‘ ajratdi. Bu haqda “Qashqadaryo ziyokori”ga viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hokim hudud aholisining tashvishlarini tinglab, masalaga mas’ul rahbarlar ishtirokida muammoga echim topishga harakat qildi.

— Bugun chiroy ochib borayotgan Ko‘kdala cho‘lining siri odamlarining mehnatkashligida, — deydi mahalla oqsaqollaridan biri. – “Mehnat qilgan qadr topadi”, deganlari rost ekan. Buning isboti sifatida viloyat hokimi yana Ko‘kdalamizga 300 million so‘m mablag‘ ajratdi. Ilgari ham qishlog‘imiz yo‘llarini ta’mirlash uchun mablag‘ berilgandi.

Ma’lum qilinishicha, 2018-yil Ko‘kdala qishlog‘ining tashqi va ichki serqatnov yo‘llarini ta’mirlash 700 million so‘m sarflangan.

— Dehqonchilikda “Chiroqchi tajribasi”ni boshlab bergan ko‘kdalalik mirishkorlar bu yil ham ertachi tarvuz-qovundan tashqari bodring, bulg‘or qalampiri va boshqa sabzavot mahsulotlarini ham bozorlarga birinchi bo‘lib olib chiqishdi, — deydi viloyat hokimi Zafar Ro‘ziev. – Bugungi sayyor qabulda keksa avlod vakillarining murojaati asosida ajratilgan mablag‘ hududning ichki yo‘llarini ta’mirlash va maktab o‘quvchilariga qo‘laylik yaratish maqsadida piyodalar yo‘laklarini qurish ishlariga sarflanadi.

Comments are closed.