«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Mast holdagi fuqaro tufayli yana bir ichki ishlar organlari xodimi tan jarohati oldi

Yurtimizdagi barcha davlat tashkilotlari xodimi xalqimiz farovonligi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvor bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. So‘zimiz davomida qonuniy manfaatlar ustuvorligi degan so‘zni ishlatganimiz bejiz emas. Boisi ayrim yurtdoshlarimiz ularga bo‘layotgan hurmat, e’tibor va ko‘maklarni suiste’mol qilgancha, qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yib, davlat tashkilotlari xodimlari bilan qo‘pol munosabatda bo‘lmoqda yokiularga qo‘l ko‘tarib, tan jarohati etkazmoqda. Natijada esa bu kabi fuqarolar qonun oldida javob berishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu kabi holat 2019 yilning 17 avgust kuni Navoiy viloyatida ham yuz bergan deya xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi . Xususan, Shu kuni soat 19:10larda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi YHXB inspektori Navoiy shahar, I.Karimov ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelgan, davlat raqam belgisi 85 971 SAA bo‘lgan “Kobalьt” rusumli avtomashinani piyodaga yo‘l bermaganligi uchun to‘xtatib, haydovchidan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishini so‘ragan, ammo haydovchi Jasur Sayitovda mazkur avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi tegishli hujjatlari bo‘lmagan. Shu sababli, inspektor qonuniy tartibda haydovchi J.Sayitovga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani Navoiy shahridagi jarima maydonchasiga olib kelgan.

Bundan xabar topgan haydovchi J.Sayitovning 44 yoshli otasi Alisher Hayitov jarima maydonchasiga mast holatda kelib, inspektor tomonidan avtomashina jarima maydonchasiga qo‘yilishiga faol qarshilik ko‘rsatgan. So‘ng uni haqoratlab, unga qo‘l ko‘targan va tan jarohati etkazgan. Natijada jiddiy jarohat olib, RShTYoIM Navoiy filialiga olib borilgan. Hozirda unga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

O‘z o‘rnida fuqarolarimizga bu kabi harakatlar qonunbuzarlik holati ekanligini eslatish bilan birga, har qanday kelishmovchilik va e’tirozlarini tartib buzarlikka qo‘l urmay, qonuniy yo‘l bilan hal etishga e’tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.

Comments are closed.