«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari uchun yana bir yangilik

Mamlakatimizda ilk bor maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik tanlovi o‘tkazilmoqda.
19-21 avgust kunlari tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati.

Tanlov maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining pedagogik mahorati va ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishga, innovatsion ta’lim texnologiyalarni ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etishga qaratilgan.

Tanlovda “Eng yaxshi metodist-tarbiyachi”,“Eng yaxshi ijodkor (kreativ) tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarni qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik tanlovi 3 yildan kam bo‘lmagan mehnat stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasidagi maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari o‘rtasida tuman (shahar) va viloyat bosqichlarida o‘tkazilib, respublika bosqichiga har bir hududdan nominatsiyalar bo‘yicha viloyat bosqichida 1 o‘rinni egallagan 3 nafardan nomzod ishtirok etish uchun tavsiya etilgan. Respublika bosqichiga har bir nominatsiya bo‘yicha 14 nafardan jami 42 nafar nomzodlar qatnashadi.

Tanlovning har bir nominatsiya bo‘yicha respublika bosqichi g‘oliblari maxsus diplomlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Respublika bosqichining barcha ishtirokchilari Maktabgacha ta’lim vazirligining maqtov yorlig‘i va sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.

Har bir nominatsiya bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari oliy ta’lim muassasalarining “Maktabgacha ta’lim”yo‘nalishiga 2020-2021 o‘quv yilida o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘ladilar.

Comments are closed.