Tekshiruv Maktabgacha ta’lim vazirining o‘rinbosari Yo‘ldashev M.A. boshchiligidagi vazirlik xodimlaridan iborat guruh tomonidan o‘tkazilgan va o‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlangan:

  • Narpay tumanidagi mavjud 56 ta davlat maktabgacha ta‘lim tashkilotlarining 12 tasi 2014—2017-yillar davomida investitsiya dasturlari doirasida ta’mirlangan;
  • 2018-yilda Investitsiya dasturi doirasida 3 ta bog‘cha (№1,13,65) uchun 6 milliard 707 million so‘m, “Obod qishloq” dasturi doirasida 2 ta MTT (№12,14) uchun 4 milliard 227 million so‘m mablag‘ ajratilib uning hisobiga ushbu bog‘chalar yangidan qurilib topshirilgan;
  • 2019-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida quvvati 320 o‘rin bo‘lgan 4 ta, 1300 o‘rinli 52 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, ayrim bog‘chalarda yillik ish reja o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmagani, ularning aksariyatida ish rejalari bir xil mazmunda ishlab chiqilgani hamda yillik ish rejasining ijrosi ta’minlanmagani va boshqa kamchiliklar aniqlangan.

Ushbu qoidabuzarliklarni sodir etgan mas’ul shaxslar lavozimidan ozod etilgan. Ular qatorida Maktabgacha ta’lim hududiy boshqarmasining ikki bo‘lim boshlig‘i, 9 nafar bog‘cha mudirasi, 6 nafar xo‘jalik mudiri bor. Shuningdek, 6 nafar bog‘cha mudirasiga nisbatan oylik maoshning 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.