Van de Bekda 8 klubdan taklif bor. U «Real» uchun C reja hisoblanadi

«Real» «Ayaks»dan yosh yarimhimoyachi Donni van de Bekni transfer qilishni istamoqda.

As xabariga ko‘ra, Madrid klubi amsterdamliklar klubiga 22 yoshli golland futbolchisi transferi bo‘yicha so‘rov yuborgan. Qayd etilishicha, bu futbolchida 8ta top-klubdan takliflar bor.

Ma’lum qilinishicha, van de Bek «Real» uchun C reja hisoblanadi. «Qirollik klubi» «MYu»dan Pol Pogbani yoki «Tottenhem»dan Kristian Eriksen transferini amalga oshira olmasa yosh futbolchiga asosiy e’tiborini qaratadi.

Ayni vaqtda madridliklar jamoa bosh murabbiyi Zinedin Zidan fransiyalik vatandoshini jamoaga olib kelishni istamoqda. Ammo inglizlar klubi futbolchisini osonlik bilan qo‘yib yubormoqchi emas va futbolchiga juda yuqori narx belgilab qo‘ygan.

O‘z navbatida madridliklar klubi prezidenti Florentino Peres «Tottenhem»dan daniyalik futbolchini xarid qilishni istamoqda – bu futbolchi «Real»ga o‘tishga rozi va Daniyadagi nashrlar xabariga ko‘ra Ispaniyadan uy qidirishni ham boshlagan. Ammo londonliklar o‘z futbolchisi uchun kamida 100 million yevro ishlab olishni ko‘zlagan va bu narx Peresni qoniqtirmaydi. Eriksenning «shporlar» bilan shartnomasi yakunlanishiga bir yil vaqt qolgan va bir yildan keyin «Real» uni erkin agent sifatida tekinga qo‘lga kiritishi ham mumkin. Futbolchi klubi bilan shartnomani uzaytirishni istamayapti.

Van de Bek «Real» variantini ma’qul variant sifatida ko‘rmayapti, chunki u Zidan unga o‘yin amaliyoti berishiga ishonch bildirmayapti. Ayni vaqtda «Real» yarimhimoyasida Luka Modrich, Toni Kroos va Kazemiro kabi futbolchilar almashtirib bo‘lmas futbolchilar hisoblanadi. Qolaversa jamoaning bu pozitsiyasida Fede Valverde va Isko kabi futbolchilar ham bor.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, van de Bek biroz avval 2007-2009 yillarda «Real»da o‘ynagan vatandoshi Uesli Sneyder bilan suhbatlashgan. Futbolchilar Ibitsada uchrashishgan va yosh futbolchi tajribali futbolchidan kelajagi bo‘yicha maslahat so‘ragan.

Van de Bek «Real» yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirish uchun munosib variant hisoblanadi – u yosh va juda talantli. «MYu» Pogbani sotmoqchi emasligini ma’lum qilgan, «Real» Eriksen uchun 100 million yevro sarflashni istamayapti va u erkin agentga aylanishi uchun bir yil kutish talab etiladi. «Ayaks» esa futbolchilarini ushlab o‘tirmoqchimas – amsterdamliklar klubi falsafasi yosh futbolchilarni tarbiyalab tezda ularni sotib boshqa avlod tayyorlashni nazarda tutadi. Klub bu yozgi transferlar hisobidan Frenki de Yongni sotib 86 million yevro ishlab oldi va ayni vaqtda Mateys de Ligt uchun 75 million yevro ishlash arafasida turibdi. Van de Bekning narxi esa qimmat emas.

Bundan oldingi xabarlarda, «Ayaks» van de Bek uchun 65 million yevro so‘rayotgani, «Real» esa 50 million yevro taklif qilayotgani haqida aytilgandi.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan