Toshkentdagi MTMlarning 8 nafar mudiri ishdan bo‘shatildi, 6 nafariga hayfsan e’lon qilindi

2019 yilning fevral-mart oylari davomida Maktabgacha ta’lim vazirligi Mirobod, Mirzo-Ulug‘bek, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati monitoringini o‘tkazdi. Mazkur monitoring natijalariga ko‘ra, MTMlarning 8 nafar mudiri ishdan bo‘shatildi, 6 nafariga hayfsan e’lon qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumot berilishicha, monitoring doirasida MTM mudirlari, tarbiyachilari, tarbiyachi yordamchilari, tibbiyot xodimlari, oshxona xodimlari va texnik xodimlar faoliyati o‘rganildi. Tadbirlar Maktabgacha ta’lim vazirligi xodimlari hamda Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mutaxassislaridan iborat idoralararo ishchi guruhi tomonidan o‘tkazildi.

Bunda namunaviy va ixtisoslashtirilgan MTM faoliyatida qoidabuzarliklar aniqlanib, holatga tuzatish kiritish uchun quyidagi harakatlar majmui ishlab chiqildi.

a) Ro‘yxatda bo‘lmagan bolalarning MTMlarga borishiga chek qo‘yish – ixtisoslashtirilgan MTMlarda, xususan, muassasa xodimlariga qarindosh bo‘lgan hamda o‘sishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lmagan yo‘llanmalarsiz bolalar mavjudligi aniqlandi.

b) Bolalarni IMTMga yo‘naltirish uchun psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya (PTPK) tomonidan berilgan xulosalarni inventarlash. Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tarkibiga maktabgacha ta’limning tuman bo‘limi xodimlari va poliklinika shifokorlari kiradi.

Ishchi guruhi tomonidan quyidagilar aniqlandi:

– PTPK xodimlari soni va tarkibiga qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik: 7 nafar o‘rniga 5 nafar a’zo, ko‘rikda soha mutaxassislarining mavjud emasligi;

– hujjatlarni rasmiylashtirishda qoidabuzishlar: komissiya a’zolari imzolari va muhrlari to‘liq tarzda yig‘ilmasligi.

v) sog‘lom bolalar IMTMga qatnashi amaliyotiga barham berish.

MTV tomonidan IMTMlar monitoringi amalga oshirilganda ko‘p tashhislar tasdiqlanmadi: 32-sonli IMTMda 94 foiz tarbiyalanuvchilar (navbatda esa 70 nafar bolalar turibdi), 60-sonli IMTMda – 93 foiz, 604-sonli IMTMda – 72 foiz, 422-sonli IMTMda – 88 foiz, 137-sonli IMTMda 77,4 foiz tarbiyalanuvchilar sog‘lomdir.

g) oshxona xodimlariga yozma ogohlantirish berish.

MTV ishchi guruhi tomonidan oziq-ovqat tayyorlash texnologiyasini buzish (489-sonli, 398-sonli MTM) va mahsulotlarni saqlashga xos talablarni bajarmaslik (66-sonli, 521-sonli MTM) holatlari aniqlandi.

d) tarbiyachilar bilan hujjatlarni yuritish va ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish.

Monitoring davomida tabel va moliyaviy hujjatlarni yozuvlarni o‘chirish imkonini beruvchi maxsus ruchka orqali to‘ldirish, shuningdek IMTMda bolalar tibbiy kartasini betartib yuritish yohud ushbu kartalarning umuman mavjud emasligi holatlari qayd etildi.

O‘quv materiallari va o‘yinchoqlar ayrim guruhlarda bolalar bo‘yi yetmaydigan joylarga qo‘yilib, bolalar ulardan foydalana olmagan. Shuningdek, Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan bepul olingan rivojlantiruvchi bosma materiallar barcha guruhlarga ham tarqatilmagan.

«Har bir monitoring yakunlariga ko‘ra Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan holatlarga tuzatish kiritish va mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan aniq choralar ko‘rilmoqda. MTV tomonidan qo‘llaniladigan eng yuqori jazo chorasi – “xodimning o‘z mehnat vazifalarini qo‘pol ravishda buzganligi” moddasi bo‘yicha mehnat shartnomasini bekor qilish. O‘g‘irlik holatlari aniqlanganda MTV audit bo‘limi tegishli ma’lumotni tekshiruv o‘tkazilishi uchun prokuraturaga topshiradi. Ayrim hollarda monitoring natijalari darhol e’lon qilinmaydi, chunki hujjatlarni rasmiylashtirish, taklif etilgan choralarni tasdiqlash va harakatlar rejasini ishlab chiqish jarayoni ma’lum vaqt talab etadi. Masalan, o‘tgan fevral va mart oylarida o‘tkazilgan monitoring natijalarini yaqindagina yakuniga yetkazdik, chunki ayrim mudiralar kasallik varaqalari rasmiylashtirib, shu tariqa ishdan bo‘shatilishiga qarshilik bildirib keldilar», – deb ta’kidladi MTVning kadrlar bo‘limi boshlig‘i Abdukahhor Yusupov.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan