Golunov ishi Rossiyani oyoqqa turg‘azdi. U kim, nimalar yozgan va nega qo‘lga olingan?

6 iyun kuni Moskvada «Meduza»ning maxsus muxbiri, o‘zining o‘tkir jurnalistik tekshiruvlari bilan tanilgan jurnalist Ivan Golunov qo‘lga olindi. Katta miqdordagi narkotik moddalar saqlashda ayblanayotgan Golunov uy qamog‘iga hukm qilingan. Uning hamkasblari va uning o‘zi qo‘lga olinishini kasbiy faoliyati bilan bog‘lamoqda.

Jurnalistning qo‘lga olinishi

Tezkor xodimlar Golunovni 6 iyun kuni, taxminan soat 14:40da ko‘chada tutib olib ketishgan. U boshqa jurnalistlar bilan ishchi uchrashuvga ketayotganida ortdan kelgan fuqarolik kiyimidagi xodimlar uning qo‘lini qayirib, kishan taqishgan va avtomobilga mindirishgan. Politsiyachilar Golunov advokat talab qilganidan keyingina guvohnomalarini ko‘rsatishgan (qo‘lga olishda Roman Filimonov va Dmitriy Kojanov ishtirok etgan, avtomobil rulida Akbar ismli haydovchi bo‘lgan). Xodimlardan biri Golunovning jinsisi cho‘ntagidan telefonini olib, uni blokdan chiqarishni talab qilgan – jurnalist rad etgan.

Golunovni ichki ishlar boshqarmasiga 15:40da olib kelishgan. Golunovning advokat chaqirish talabiga javoban politsiyachilar u avval «majburiy ko‘rik»dan o‘tkazilishi va bu jarayonda advokat ishtirok etishi talab qilinmasligini aytishgan. Uning ryukzakini ochib (ko‘rik vaqtida u stulda bo‘lgan va Golunov uni hamisha ham kuzatib tura olmagan), uning ichidan shariklar solingan paket olishgan. Ulardan ikkitasi ekspertizaga yuborilgan va 3,56 gramm miqdoridagi mefedron moddasi aniqlangan.

Jurnalist so‘roq vaqtida so‘zlab berishicha, politsiya tintuv vaqtida uni urgan. Golunovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun narkodispanserga olib borishgan. U bu yerda ham advokat talab qilgan va stulni mahkam ushlab olgan. Uni stuldan ajratishga harakat qilishgan – Golunov polga yiqilgan va boshini urib olgan. Keyin uni polda sudrashgan. Maksim ismli xodim uni bir necha bor urgan. Moskva IIBB keyinroq bergan press-relizida jurnalistning kaltaklanishi haqidagi da’volar «haqiqatga mos kelmasligi» aytildi.

Golunov qo‘lga olingani haqda jamoatchilikka faqat 7 iyun kuni ma’lum qilindi. Tong soat 4:00da Tergovchi Igor Lopatin jurnalistning do‘sti, «Bi-bi-si» muxbiri Svetlana Reyterga qo‘ng‘iroq qildi.

«Orqa fonda Vanyaning so‘zlari eshitilib turardi: «Barchani tabriklayman. Tizim ajoyib ishlamoqda. Ikki beso‘naqay menga narkotik tashlab qo‘yishga harakat qildi». U juda xotirjam ovozda gapirardi», deydi Reyter. Faqat shundan keyingina Golunov uchun «Agora» huquq faollari guruhi advokati Dmitriy Djulay yuborilgan. Golunovning advokat guvohligidagi so‘rovi soat 6:55da boshlangan. Djulay politsiyachilar Golunovning tanasidagi kaltaklash izlarini qayd etish uchun tez tibbiy yordam chaqirishdan bosh tortishgani haqida aytib bergan.

Qo‘lga olish haqidagi protokol 7 iyun kuni tongida tuzilgan (soat 3:50), o‘shanda jinoiy ish rasmiylashtirilgan. Uni yirik miqdordagi narkotik moddalar saqlashda ayblashgan. Bu moddaga ko‘ra 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Ish materiallarida Golunov «qachondir» «qayerdadir» «kimdandir» keyinroq sotish maqsadida beshta idishdagi narkotik moddalari sotib olgani ko‘rsatilgan.

«Ammo jinoyat sodir etishiga yo‘l qo‘yilmasdan, u qo‘lga olindi», deyiladi tergov ma’lumotida.

Golunov ryukzakdan chiqqan moddalar unga tegishli emasligini ma’lum qildi.

Politsiya Golunovning uyi tintuv qilingani haqida xabar berib, uning kvartirasida olingan suratlar sifatida 9ta suratni tarqatdi. Suratlarda katta paketlardagi ximikatlarni ko‘rish mumkin edi. Ammo Moskva IIBB xabarida gap faqat 3ta paket haqida ketayotgani aytilgan, paketlar soni ham hajmi ham suratlardagiga mos kelmasdi. Golunovning tanishlari esa bu suratlarning bittasidan boshqalari jurnalistning kvartirasiga oid emasligini ma’lum qilishdi. 

Foto: Moskva GUVD

Advokat Djulay «Meduza» bilan suhbatda tintuv vaqtida uydan chindan ham 3ta paket olib ketilgani haqida aytib berdi. «Ivan menga uni uyga qachon olib kelishganini aytib berdi. U uyi oldidagi avtomobilda politsiyachilar bilan birga 20-30 daqiqa kutib turgan. Uy kaliti qo‘lga olish vaqtida olib qo‘yilgan. Ya’ni, politsiyachilarda kvartiraga kirish va istaganini qilish uchun 20-30 daqiqa vaqt bo‘lgan», deydi himoyachi.

Ko‘p o‘tmasdan Ichki ishlar vazirligi Ivan Golunovning qo‘lga olinishiga ilova qilingan suratlar uning kvartirasiga oid emasligini tan olishdi. Vazirlik bu suratlar tarqatilishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishini ma’lum qildi.

Jurnalistning o‘zi bu ish uyushtirilganini va bu uning jurnalistik materillari tufayli ekanini iddao qilib kelmoqda. Nikulinsk sudi uni uy qamog‘iga hukm qilgach shunday dedi: «Men hech qachon narkotik iste’mol qilmaganman. Mening hech qanday aybim yo‘q».

Tatyana Makeyeva / Reuters / Scanpix / LETA

Golunovning himoyasi politsiyachilar yarim kundan oshiq vaqt davomida jurnalistga yaqinlari bilan bog‘lanishga yo‘l qo‘yishmagani, unga shikast yetkazishgani, uning narkotik qabul qilgan yoki qilmaganini aniqlash uchun ekspertiza o‘tkazmagani haqida aytdi. IIV bu da’volarni tan olmadi. Jurnalistni miya chayqalishi va qovurg‘a sinishi gumoni bilan 71-shifoxonaga olib borishdi, ammo shifoxonaning shubhali shifokorlari buni tasdiqlamadi.

10 iyun kuni «Agora» guruhi rahbari Pavel Chikov ekspertlar jurnalistning tahlillarida narkotik moddalar izlari topishmaganini ma’lum qildi.

Jurnalistning qo‘lga olinishi Rossiya jamoatchiligida katta rezonans keltirib chiqardi.

Yuzlab jurnalistlar uning himoyasiga otlandi – shu jumladan davlat telekanallari, musiqachilar va huquq faollari ham.

Foto: TASS, Sergey Fadeichev

Moskva IIBB binosi oldida to‘rtinchi kundirki yakkalik piketlar davom etmoqda.

Aleksandr Utkin / «Meduza»

10 iyun kuni mamlakatdagi uchta yirik nashr – «Vedomosti», «Kommersant» va RBK Golunovni qo‘llab-quvvatlagan holda «Biz Ivan Golunovmiz» yozuvi tushirilgan muqovalar bilan yangi sonlarini nashr etdi.

«Bugun haqiqatni yozgani uchun noqulay jurnalistni gumdon qilishmoqda. Ertaga biz bilan ham shunday bo‘lmasligiga kim kafolat beradi», dedi taniqli aktyor Konstantir Xabenskiy.

Jurnalistik faoliyati

Turli yillarda  Slon.ru (hozirda Republic), Forbes, «Vedomosti», RBK nashrlarida va «Dojd» telekanalida ishlagan, 2016 yildan buyon «Meduza»da faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Golunovning so‘nggi yillardagi materiallari mavzusi asosan korrupsiya va Moskva meriyasidagi obodonlashtirish tashkilotlari bilan bog‘liq edi. Ammo boshqa mavzularda ham yozgan – qora riyeltorlar, kuchishlatar tizimlar o‘rtasidagi raqobat, yuqori lavozimli amaldorlarning mol-mulklari va dafn biznesi bo‘yicha ham.

Quyida uning tilga tushgan jurnalistik tekshiruvlarini eslab o‘tamiz.

Tobut, qabriston, milliardlab rubllar. Amaldorlar, polkovniklar va banditlar dafn marosimlari bozorini qanday bo‘lib olishgan?

Galina Onishchenko / Alamy / Vida Press

«Meduza»ning dafn marosimlari biznesi bilan bog‘liq tekshiruvlari o‘tgan yilning avgustida nashr qilingandi. Golunov keyin ham bu mavzuda ishlashda davom etadi – jurnalistning o‘zi va hamkasblari aynan shu tufayli jurnalistga qarshi jinoiy ish ochilganini iddao qilishmoqda.

Golunovning materiallari Rossiyadagi diniy marosimlar bozori qanday tashkil etilganiga bag‘ishlangan.

Rossiyada har yili ikki millionga yaqin kishi vafot etadi. Dafn marosimlari sanoatining bir yillik pul aylanmasi rasmiy raqamlarga ko‘ra 60 milliard rublni tashkil etadi; haqiqiy miqdor esa 250 milliard rublga yetishi mumkin. Rossiyada so‘nggi 30 yil davomida bu bozor bir necha marta bo‘lib olindi — bu jarayonda mafiya, kuchishlatar tizimlar va davlat ishtirok etdi. Natijada turli hududlarda doimiy ravishda turli tartibsizliklar bo‘lib turadi: Moskvadagi Xovansk qabristonidagi otishmadan tortib Yekaterinburgda jasadlar to‘siqlar ortiga tashlab yuborilishigacha, Tolyattida ruxsatsiz ommaviy dafn marosimidan tortib Omskdagi qabriston egasi o‘z joniga qasd qilishigacha.

Golunovning yozishicha, bozorda nazorat jinoiy tuzilmalar qo‘lidan hukumatga aloqador odamlar qo‘liga o‘ta borgan. Shu bilan birgalikda, dafn marosimlari kompaniyalari jinoiy tashkilotlar bilan aloqalarni saqlab qolgan, bozor atrofini yollanma qotillar qo‘riqlagan.

Iqtibos: 2016 yilda Yekaterinburgda katafalklarga (dafn marosimida tobut qo‘yiladigan arava yoki mashina) o‘t qo‘yishlar va raqobatchilarga boshqa turlicha hujumlar uyushtirish voqeasidan keyin diniy marosimlar kompaniyasi vakillari ustidan matbuotda «Dondiki» nomini olgan shov-shuvli sud jarayoni bo‘lib o‘tgandi. Kompaniya xodimlari o‘zlarini munitsipal dafn xizmati xodimlari sifatida ko‘rsatib, marhumlarning qarindoshlaridan jasadlarni olishgan va keyin ulardan dafn marosimini o‘tkazish uchun pul talab qilishgan.

Ikkita «Yelisey» hajmidagi penthaus. Moskva vitse-meri Petr Biryukovning oilasi qanday yo‘l bilan milliardlar ishlagan va dang‘illama hovlilar sotib olgan?

Petr Biryukov. Foto: Sergey Bobylev / TASS

Golunovning eng shov-shuvli jurnalistik tekshiruvlaridan biri Moskva vitse-meri Petr Biryukovning dang‘illama hovlilar va kvartiralar sotib olish uchun ishlab topgan milliardlariga bag‘ishlangan.

«Meduza»ning yozishicha, Biryukovlar oilasi 1,5 milliard rublga «Legenda Tsvetnova» majmuasidan 9ta penthaus sotib olgan. Uning yaqin qarindoshlari Moskva markazida qimmatbaho kvartiralarga va shahar atrofida gektarlab yer maydonlariga egalik qilishadi.

Jurnalistik tekshiruvda keltirilishicha, Biryukovning yaqinlari u meriyada nazorat qiladigan sohada – Moskvadagi obodonlashtirish va qurilish ishlari sohasida biznes qilishadi. Masalan, uning qizi va kelini bilan aloqador bo‘lgan firma shaharning barcha okruglarida savdo markazlari qurgan. Savdo markazlari asosan tugatilib buzilgan bozorlar o‘rnida qurilgan.

Materialda aytilishicha, Biryukovning o‘zi «Meduza»ning savollariga javob qaytarmagan.

Moskvadagi «Legenda Tsvetnogo» turarjoy va biznes-markazi
Dmitriy Ryjyenkov / Fotobank Lori

Iqtibos: Shahar tashqarisidagi uylar va penthauslardan tashqari Irina Biryukova va uning o‘g‘li Moskva markazidagi Presnensk tumanida (Patriarshiye prudy) 8ta kvartirali uyda 9 xonali kvartiraga egalik qiladi. Ularning qo‘shnisi – vitse-merning o‘zi (2010 yilda u militsiya bilan birga kelib o‘z uyi derazalarini to‘sib turgan restoran ayvonini buzdirib tashlagandi), shuningdek, Biryukov 2000-yillarda Janubiy okrug prefekturasini boshqarganda unga o‘rinbosar bo‘lgan Yuriy Bulanov ham shu uyda yashaydi. 2010 yilda Bulanov 17 million rubl o‘marishda aybdor deb topilgan, tekshiruvlar davomida ushbu amaldor Podmoskoveda bir necha hovlilarga, Parij va Nitssada apartamentlarga hamda Moskva shahrida mehmonxonaga egalik qilishi ma’lum bo‘lgandi. Bulanovga 3,5 yillik qamoq jazosi berilgan, ikki yil o‘tib u muddatidan avval ozod qilingandi. Patriarshixdagi uyda u ham 9 xonali kvartira egasi hisoblanadi.

Ko‘chirib yuboruvchilar. 5 yil ichida «qora kreditorlar» Moskva va uning atrofida qarzdorlardan 500dan ortiq kvartirani tortib olishgan

«Meduza»ning qora riyeltorlar haqidagi materiali Golunov qo‘lga olinishidan biroz avvalroq e’lon qilingandi.

Maqolada so‘nggi 5 yil davomida uy egalari sud qarorisiz mahrum bo‘lgan 500dan ortiq kvartira haqida so‘z boradi. Keltirilgan tarixlar bir-biriga o‘xshash – pul kerak bo‘lgan mijozlar ko‘chmas mulklarini garovga qo‘yib, mikromoliyaviy tashkilotlardan kreditlar olgan. Yakunda firibgarlar qarzdorlarning uylarini egallab olib, ularni uylaridan ko‘chirib yuborgan. Golunovning yozishicha, bu sxema mulklarni tortib olish bilangina kifoyalanmasdan, pul yuvish bo‘yicha xalqaro tizimning bir qismiga aylangan bo‘lishi ham mumkin.

Iqtibos: 2017 yil fevralida «Tsentr zaymov 365» Smelenskayaning kvartirasini sotgan, 2017 yil avgustida esa Smelenskaya oilasining kvartiradan ko‘chirib yuborilishidan keyingi da’vosi bo‘yicha sudda yutqazgan. Kvartiraga Nataliyadan tashqari uning sobiq turmush o‘rtog‘i hamda 13 va 22 yoshda bo‘lgan qizlari propiska qilingan. Homiylik organlari voyaga yetmagan qiz uydan ko‘chirib yuborilishiga qarshilik bildirmagan. 2018 yil dekabrida sud pristavlari oilani ko‘chirish uchun kelishgan. Ko‘chirish vaqtida uyning yangi egasi manfaatlarini uning onasi ifoda etgan – uning o‘zi narkotiklar saqlashda ayblanib, tergov izolyatorida bo‘lgan.

«Odamlar kashnich uchun o‘ladi»

Ko‘katlar bozori uchun urush haqidagi jurnalistik tekshiruvlar 2013 yilda «Bolshoy gorod» jurnalida e’lon qilingan.

Golunov unda so‘nggi yillarda ukrop, petrushka va kashnich savdosi ustidan nazorat qilish uchun raqobatda o‘nlab kishilar o‘ldirilgani haqida yozgan. Tekshiruvlar davomida Golunov o‘sha vaqtdagi eng yirigi bo‘lgan Pokrovskaya sabzavot bozorida bo‘lgan.

Iqtibos: «Men talato‘pda bozor ichiga kirib olishga harakat qilaman, ammo har safar bir necha qadam yurishim bilan charm kurtkadagi kavkazlik meni u yerdan haydab soladi. Men u yerdan arzon narxga mahsulot olishni istayman, ammo foydasiz. «Bu xususiy hudud. Bu yerdan faqat o‘zimiznikilar olishi mumkin. Begonalarga mumkin emas», deydi u qo‘llarimdan sudrab».

RBK tekshiruvi: Moskvadagi rekonstruksiyalardan kim foyda ko‘radi?

RBK nashrida 2015 yilda budjet o‘zlashtirilishi haqidagi «Moya ulitsa v Moskve» nomli material e’lon qilingan.

Golunovning aniqlashicha, poytaxtdagi obodonlashtirish ishlari uchun milliardlab rubllik shartnomalarni bosh prokuror Yuriy Chaykaning o‘g‘li Igor Chaykaga va vitse-mer Petr Biryukovning qarindoshlariga aloqador kompaniya yutib olgan. Tasodifni qarangki, aynan Biryukov shaharning «Moya ulitsa» loyihasi ijrosi uchun javobgar bo‘lgan kompleksni boshqaradi.

Maqolada Biryukovning o‘zi qarindoshlari biznesi haqida ko‘p narsa bilmasligini, ular bilan bu mavzuda deyarli gaplashmasligini bot-bot takrorlashiga urg‘u berilgan.

Sugrobov kazusi: Rossiyada korrupsiya bilan kurash qanday yo‘lga qo‘yilgan?

2014 yilda RBK nashrida Svetlana Reyter va Ivan Golunov hammuallifligida kuchishlatar tizimda so‘nggi yillarda qayd etilgan eng yirik mojaro – Rossiya IIV iqtisodiy xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi rahbari, general-leytenant Denis Sugrobovning hibsga olinishi bo‘yicha tekshiruv e’lon qilingan.

Matnda IIV va FXX (FSB) xodimlari faoliyatiga ko‘z yugurtirilgan. Material Sugrobov va o‘sha vaqtda FXX xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan general Oleg Feoktist (keyinroq u sobiq iqtisodiyot vaziri Aleksey Ulyukayev ishi bilan aloqadorligi ma’lum bo‘ldi) o‘rtasidagi qarama-qarshilik haqida.

Iqtibos: Sugrobovni 2014 yilning 7 mayida Volgograd-Moskva trassasida, Uryupinsk yaqinidagi nazorat-o‘tkazuv postida to‘xtatishgan. General rafiqasi Mariya Sherstneva va 12 yoshli o‘g‘li bilan Astraxandan baliq ovidan qaytayotgandi. Jip bagajida qayiq arqonlari va chelakdagi baliqlar bor edi. Sugrobovni safardaligida qo‘lga olishning sababi bor edi: u yosh bo‘lishiga qaramay o‘z faoliyatining cho‘qqisiga chiqqan va juda katta ta’sirga ega edi.

Moskva Tver ko‘chasi uchun 2 million rubldan girlyandlar xarid qildi. Ular 5 barobar arzon edi

Foto: Yevgeniy Biyatov / Sputnik / Scanpix / LETA

«Meduza»ning 2017 yildagi shov-shuvli maqolasi Moskvani yangi yil bayrami arafasida bezatish uchun sotib olingan chiroqlar haqida edi.

Golunovning yozishicha, Tver ko‘chasi uchun olingan marjon-chiroqlar narxi asl narxidan besh barobar qimmat qilib ko‘rsatilgan. Bu xarid uchun ajratilgan 143,4 million rublning asosiy qismi aka-uka Rotenberglar banki advokatiga tegishli tuzilmaga tekkan. Chiroqlar esa rasman shartnoma tuzilishidan bir necha kun oldinroq ko‘chalardagi fonarlarga o‘rnatib bo‘lingandi.

Iqtibos: Taxminan bitta idish narxi 475 ming rubl bo‘lgan. Tender natijalariga ko‘ra, 64ta bokalning har biri poytaxt budjetiga 2 241 630 rubldan tushgan.

Bir baxtiyor qishloq. Vyacheslav Volodinning yaqinlari 

«Meduza»da 2017 yilning aprelida Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning (avval Kremlda ichki siyosat kuratori bo‘lgan, 2016 yilgi saylovdan oldingi deklaratsiyada uning Rossiya banklarida 540 million rubl miqdoridagi mablag‘i borligi ma’lum qilingan) yaqinlari qanday hayot kechirishiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilingandi.

Golunovning yozishicha, Volodin mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishi davomida uning saratovlik hamshaharlari ham bekor o‘tirishmagan. Ular muvaffaqiyatli biznesni yo‘lga qo‘yishib, davlat shartnomalarini qo‘lga kiritishgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, uning onasi deb aytilgan ayol Smolenskdagi ikki qishloqni obodonlashtirish uchun yuz millionlab mablag‘ sarflagan, uning qarindoshlari bu qishloqlarda avliyolarga aylanishgan.

Iqtibos: Volodinning yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Loginov uning ona tomondan bobosi, Letov ham uzoq qarindoshi. «Meduza»ning aniqlashicha, Loginov 2011 yilda Saratov yeparxiyasida mahalliy avliyo sifatida ko‘rsatilgan, Filipp Letov ham Rus provoslav cherkovining Muqaddas sinodi qarori bilan avliyo ruhoniylar qatoriga qo‘shilgan.

Ramzan Qodirov instagramdan chechenlarning ijtimoiy tarmog‘iga o‘tdi. Buni kim qildi? Uning Checheniston rahbariga qanday aloqasi bor?

2017 yil oxirida Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning instagram va feysbukdagi akkauntlari bloklandi. O‘sha kuni Qodirov yangi ijtimoiy tarmoqda — Mylistory da akkaunt yuritishini ma’lum qildi. Bu tarmoq 2017 yil avgustida internet do‘konlarida paydo bo‘lgan, u asosan Checheniston uchun ishlab chiqilgan. Ivan Golunov va Aleksandr Gorbachev Mylistory asoschilari Qodirov bilan qanday aloqalarga egaligi va bu ishga Suriyaga yuboriladigan chechenistonlik jangchilarni tayyorlovchi xususiy harbiy markazning qanday bog‘liqligi haqida material tayyorlashgandi.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan