Ishtixondagi mudhish qotillikka eltgan sabablar: nima uchun bunday voqea yuz berdi?

Ishtixon tumanida sodir bo‘lgan mudhish jinoyat — bir oiladan besh kishining o‘ldirilishi butun O‘zbekistonni larzaga soldi.

Mudhish jinoyat darhol Bosh prokuror nazoratiga olindi va jinoyat izi sovimasdan qotillar qo‘lga olindi. Jinoyat tafsilotlari va gumondorlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi Erkin Xayrullayev Kun.uz’ga ma’lumot berdi.

Video: Youtube

Ayni paytda mazkur voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor-tergov harakatlar natijasiga ko‘ra, ushbu qotillik Ishtixon tumanida yashovchilar — 1981 yilda tug‘ilgan T.G‘., 1995 yilda tug‘ilgan E.Sh., 1993 yilda tug‘ilgan U.J. va Qo‘shrabot tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan N.X. tomonidan sodir etilgani aniqlanib, ular ushlangan. Hozir bu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergovchi shuni alohida ta’kidlab o‘tdiki, ayrim informatsion saytlar va ijtimoiy tarmoqlar va messenjer kanallarida tarqalgan, to‘rt yosh yigit — go‘yoki qotillar tasvirlangani iddao qilinayotgan fotosuratlar qalbaki. Bu suratlarning mazkur jinoyat ishiga aloqasi yo‘q.

Odatda, bunday mudhish jinoyatlarni marhumlarni yaqindan bilgan odamlar sodir etishadi. Shunday bo‘lib chiqdi ham — qotillarning uch nafari marhumlarning qishloqdoshi. Ulardan biri — yoshi eng kattasi hattoki marhum oilaning yon qo‘shnisi.

Ishtixon tumanida adir etagida joylashgan Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida tomorqalar katta. Uylar atrofi o‘ralmagan. Qo‘ni-qo‘shnilar hamsoyasinikida nimalar bo‘layotganini yaqqol ko‘rib turishadi. Bu hol yillar davomida qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hurmat timsoli bo‘lib kelgan.

Biroq bu voqeada ana shu ishonchga putur yetgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, jinoyat boylikka ega bo‘lish maqsadida, avvaldan rejalashtirilib, qasddan amalga oshirilgan. Jinoyatga qo‘l urgan gumondorlarning uch nafari hali 30 yoshga ham kirmagani kishini o‘ylantiradi. Endigina mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘ygan yigitlarning qotil degan tavqi la’natni bo‘yniga ilib, uzoq muddatga panjara ortiga yo‘l olishi… buni qanday tushuntirish mumkin? Nahot inson umri shu qadar arzon?

Bizga ma’lum bo‘lishicha, qotillarning eng kichigi — 23 yoshli yigit qo‘shni Qo‘shrabot tumanidan. U avval ham bosqinchilik qilgani uchun sudlangan ekan. Qotillarning jinoyatni oldindan pishitishgani, qotillikni rejalashtirishgani, egnilariga qon sachrashini o‘ylab, ehtiyotdan eski kiyimlarni kiyib olishgani, o‘sha kiyimlarni keyinchalik hojatxonaga tashlab yuborishgani, qo‘lga kiritilgan pullarni 4 kishi teng bo‘lib olgani… kishini dahshatga soladi.

Biz mudhish hodisa yuz bergan Chimqo‘rg‘on qishlog‘iga bordik. Tergovga xalaqit bermaslik maqsadida marhumlarning uyi, voqea joylarini suratga olmadik.

«Chimqo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mahalla ahlidan jinoyatga nima sabab bo‘lgani, qanday qilib bu qishloqda bunday mudhish jinoyat uchun muhit yetishganiga qiziqdik.

Qotillik yuz berishidan ikki kungina avval mingga yaqin xonadon bo‘lgan va qariyb 4 yarim ming aholi yashovchi mahallaga rais etib saylangan Oybek Mahmudov jinoyatga qo‘l urilishi sababini ma’naviyatsizlik va bilimsizlik bilan bog‘ladi.

Mahalla raisining aytishicha, bu yerdagi aholining yashash tarzi, farovonligi bir qadar yuqori. Chunki hamma tomorqasida uzum ekadi, bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida yerni ijaraga olib ishlashadi, bog‘ parvarishlab, uzumlarni, yana quritib mayizini hattoki chet davlatlargacha sotishadi.

Qishloqda yoshlarning biror foydali mehnat bilan bandligi masalasida savol yo‘q — hammaga ish topiladi. Odamlarning yashashi yaxshi. 22 million so‘m uchun besh kishining umriga zomin bo‘ladigan darajada ahvol chatoq emas.

Bir oilaning besh a’zosi o‘ldirilgani — chindan ham hazm qilish qiyin bo‘lgan juda dahshatli voqea. Ota-onaga qo‘shib, ularning uch o‘g‘li ham o‘ldirilgan. Ularning jasadlari o‘zlariga tegishli «Damas» avtomashinasiga yuklanib, jinoyat izlarini yashirish maqsadida 35 km narida — Qo‘shrabot tumani hududidagi qirda ovloq joyda qoldirilgan.

Mahalla raisining aytishicha, marhumning turmushga uzatilgan ikki qizi tirik qolgan. U bu oila sohibi o‘zining mehnatkashligi bilan mahallada tanilganini ta’kidlab o‘tdi. Qotillikda gumon qilinayotgan mahalladosh yigitlar ham ko‘chabezori, bekorchi bo‘lishmagani, ish bilan band bo‘lib, tomorqadan muntazam daromad qilishganini aytib o‘tdi. Ya’ni, o‘ldirilganlar ham birmuncha badavlat yashashgan, qotillar ham o‘ziga to‘q oilaning farzandlari.

Mahallada bunday mudhish jinoyat sodir bo‘lgani qishloq oqsoqollarini ham esankiratib qo‘ydi. Oqsoqollar yoshlar din-u diyonat, gunoh-savob, halol-haromdan bexabar bo‘lib, orqa-oldini o‘ylamasdan mana shunday kechirilmas jinoyatga qo‘l urishganini ta’kidlashmoqda.

Ko‘p yillar mahallaga raislik qilgan keksa Abduqodir Xudoyqulov bu mudhish jinoyatda barchaning aybi borligi, loqaydlik, yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborsizlik qishloq butun dunyoga yomon nom bilan dong taratishiga sabab bo‘lganini aytib, barcha afsusdaligini bayon etdi.

Kun.uz’ga bu borada o‘z fikrlarini bildirgan qishloqning yana bir oqsoqoli Azim Aliqulov ham bo‘lib o‘tgan mudhish voqeadan butun mahalla ahli nihoyatda taajjubda ekanligini aytib, yoshlar o‘rtasida tarbiyani kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelganini ta’kidlab o‘tdi.

Eshitgan kishining qalbini larzaga solayotgan voqea qishloq ahli hamda tuman jamoatchiligi ishtirokida muhokama qilindi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov shunday dedi:

«Bu o‘ta mudhish voqelik barchamiz uchun sharmandali holat. To‘rt yosh yigitning pul ilinjida besh kishining qotiliga aylanishi tasavvur qilish qiyin bo‘lgan holat. Odam bolasining shunchalik vahshiylikka borishini xayolga keltirishning o‘zi dahshat. Buning ildizi avvalo odamlarning bir-biriga befarqligi, atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga e’tiborsizligiga borib taqalmoqda. Bunday og‘ir jinoyatlarga qarshi barchamiz birgalikda kurashishimiz, joylarda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish lozim».

Kun.uz mazkur rezonansli voqea rivoji bilan bog‘liq yangiliklarni kuzatishda davom etadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan