Onlayn hujjat topshirish uchun abituriyentlardan elektron imzo talab etilmaydi

Joriy yilda abituriyentlar uchun my.gov.uz portali orqali onlayn hujjat topshirish imkoniyati beriladi. Ya’ni abituriyentlar uyidan chiqmasdan turib, internet orqali OTMlarga hujjat topshira oladi. Yagona portal orqali ham uchtagacha yo‘nalishni tanlash imkoniyati bo‘ladi.

Soha mutaxassislarining aytishlaricha, hujjat topshirish uchun elektron raqamli imzo (ERI) talab etilmaydi. Bu haqda huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev o‘zining Telegram’dagi kanalida ma’lum qildi.

“Shunchaki abituriyentlar pasport seriyasi va raqamini hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini (PIN FL) kiritsa kifoya, boshqa narsa kerak emas. Pasport va diplomlarning skaneri ham shart bo‘lmaydi, raqamlarini kiritsa bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

PIN FL qanaqa raqamligi va uni qanday bilish mumkinligi haqida quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Ta’kidlanishicha, onlayn hujjat topshirgan abituriyent EKIH 10% miqdorida (20 ming so‘m) xizmat haqi to‘laydi. Bu xizmat haqi qaysi yili bitirganidan qat’i nazar barcha abituriyentlardan olinishi rejalashtirilgan. Lekin bu hali rasman tasdiqlanganicha yo‘q.

Xorijdagi o‘zbekistonlik abituriyentlar ham internet orqali o‘qishga hujjat topshirishi mumkin, faqat imtihon kuniga kelishsa kifoya.

Faqat quyidagi abituriyentlar onlayn hujjat topshira olmaydi:

— alohida imtiyozga ega bo‘lganlar (ya’ni turli mukofot sohiblari, olimpiada g‘oliblari va h.k.);

— fuqarolik pasporti bo‘lmagan shaxslar (masalan, 16 yoshga to‘lmaganlar);

— fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Ushbu toifadagilar davlat xizmatlari markaziga shaxsan o‘zlari borishlari shart.

Onlayn hujjat topshirish tartibi bilan mana bu yerda tanishish mumkin.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan