Ramzon Qodirov AQShning Checheniston maxsus otryadiga qarshi kiritgan sanksiyalariga izoh berdi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov AQShning Chechenistonning tezkor javob berish maxsus otryadi “Terek”ka qarshi sanksiyalar kiritishi Vashingtonning Chechenistondan qo‘rqishini anglatishini aytdi. Qodirov bu haqda Telegram-kanalida yozdi.

16 may kuni AQSh moliya vazirligi “Magnitskiy qonuni” bo‘yicha sanksiyalar ro‘yxatiga Chechenistonning “Terek” otryadi va Rossiyaning 5 fuqarosini kiritdi.

Ro‘yxatga “Shimol” batalonining sobiq qo‘mondoni Ruslan Geremeyev, “Terek” qo‘mondoni Abuzayd Vismuradov, Gennadiy Karlov, Sergey Kossiyev, Yelena Trikulya kiritilgan.

Jumladan, rossiyalik muxolifatchi Boris Nemsovning oilasi advokatlari Geremeyevni siyosatchining qotilligi buyurtmachisi deb atashgan.

“Agar AQShda yuqori darajada “Terek” va Abuzayd Vismuradov masalalari muhokama qilingan bo‘lsa, bu AQShning biz – katta Amerikadan olisda bo‘lgan kichkina Chechenistondan qo‘rqishining ishonchli isbotidir”, deb ta’kidlab o‘tgan Qodirov.

U, shuningdek, AQSh moliya vazirligining bu qaroridan taajjub bildirib, “Terek”ni aksilterrorchilik sohasidagi dunyodagi eng yaxshilaridan biri deb atagan.

“Magnitskiy qayda-yu, Checheniston qayda? “Terek”ni Magnitskiyga qanday bog‘lash mumkin?”, deb qo‘shimcha qilgan Qodirov.

2017 yilda AQSh “Magnitskiy ro‘yxati”ga Qodirovni ham kiritgandi.

“Magnitskiy ro‘yxati” 2012 yilda Vashingtonda ishlab chiqilgan. U tergov izolyatorida Hermitage Capital yuristi Sergey Magnitskiyning o‘limiga aloqador shaxslar doirasini belgilagan va bir qator rossiyalik amaldorlarga nisbatan viza va moliyaviy sanksiyalarni joriy qilgan.

2017 yilda AQSh “Magnitskiy qonuni” ta’sirini butun dunyoga yoygan. Bu Vashington fikricha korrupsiya va inson huquqlari buzilishiga aloqador bo‘lgan barchaga qarshi sanksiyalar kiritishga imkon beradi.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan