“Milan”ning asosiy transfer maqsadlari ma’lum qilindi

“Milan” yaqinlashib kelayotgan yozgi transferlar vaqtida yosh futbolchilarni sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Calciomercato xabar berdi.

“Rossonerilar” “Sassuolo” yarim himoyachisi Stefano Sensi, hozirda “Bolonya”da ijara asosida to‘p surayotgan “Yuventus” hujumchisi Rikkardo Orsolini va “Nitssa” xavbeki Allan Sen-Maksimenni o‘z tarkibiga qo‘shib olishni maqsad qilyapti.

Agarda “Milan” Yevropa Chempionlar Ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, rejalar o‘zgarishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Jennaro Gattuzo jamoasi A Seriya 36-turidan so‘ng 62 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rinda bormoqda. 4-o‘rinda borayotgan jamoa esa 65-ochko to‘plagan.

Ma’lumot uchun, Sensi joriy mavsum musobaqada 28 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 5 ta golga assistentlik qildi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, uning transfer qiymati 12 million yevroni tashkil etadi.

Orsolini 33 ta o‘yinda 7 ta golga mualliflik qildi va 5 ta golli pas berdi. Futbolchining transfer bahosi 4 million yevroga teng.

Sen-Maksimen esa Fransiya chempionatida 32 ta bellashuvda raqib darvozasini 5 marta ishg‘ol qildi va 5 ta golli uzatma berdi. Transfer bahosi — 25 million yevro.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan